Jujan (avar) xonligi

Jujan (avar) xonligi (taxminan 402-555-yillar) — ilk o’rta asrdagi jujanlar xonligi. Sharqda Koreya, shimolda Baykal ko’li, Janubda Mo’g’uliston cho’llari, g’arbda Qorashahargacha bo’lgan hududni egallagan. Milodiy 5-asr boshlarida jujanlar xoni Shelun (To’lunxon (402-410) tele yoxud gochi (baland qonchqiliklar, hozirgi uyg’urlar ajdodi) qabilalarini o’z atrofiga to’plab xonlikka asos solgan. Xulyuy (Xo’liu 410— 414) davrida esa shimoldagi, Yenisey bo’ylaridagi negu va Xevey qabilalari buysundirilgan. Jujan (avar) xonligi hududi Tolan qog’on davrida (414-431) ancha kengaygan. O’tiya qog’on (431-444) qo’shni To’bo xonligi bilan quda tutinib, 438 yil Oltoy turklarini bo’ysundirgan va ular yordamida temirdan ishlangan qurollar bilan o’z qo’shinini qurollantirgan. Jujan (avar) xonligi Chulun (To’g’ochin 444-464) va Yo’ching (uchin 464-485) qog’onlar davrida Sharqiy Turkistondagi qutqu hun davlatini ag’darib (460), Turfan xonligini tiklagan va Xo’tan viloyatiga qadar bosib kelgan (470), To’lunxon II (Bo’kxudu 485-492) davrida Jujan (avar) xonligi ichki nizolar tufayli zaiflashgan, qo’shni baland qonchqi xonligini barpo etilishi kuchli raqib paydo bo’lganidan darak berardi. Keyinchalik eftaliylar (oq hunlar) qonchqiliklar bilan birgalikda Jujan (avar) xonligi bilan urush olib borgan. Oynog’oy (Anaxuan 522-552) qog’on turkiy qavmlar bilan bo’lgan jangda mag’lub bo’lib, o’zini o’zi o’ldirgan. 555 yil Jujan (avar) xonligi turkiylar tomonidan batamom tugatilgan. Jujanlarning bir qismi G’arbga yo’l olib, Dunay daryosining o’rta oqimi bo’ylarida Avar xonligi barpo etganlar.