ANTENNA
ANTENNA (lotincha antenna — hashorat mo’ylovi) — elektromagnit to’lqinlarini fazoga tarqatuvchi (uzatuvchi Antenna) yoki qabul qiluvchi (qabul qiluvchi Antenna) qurilma. Har qanday uzatuvchi Antennani qabul qiluvchi Antenna o’rnida yoki, aksincha, qabul qiluvchi Antennani uzatuvchi Antenna o’rnida ishlatish mumkin, chunki ularning hamma elektr xususiyatlari bir xil. Uzatuvchi Antenna uzatgich moslama energiyasini elektromagnit to’lqinlari energiyasiga, qabul qiluvchi Antenna elektromagnit to’lqinlari energiyasini yuqori chastotali tok energiyasiga aylantiradi. Bundan tashqari, uzatuvchi Antenna energiyani muayyan tekislik va yo’nalishda tarqatish xususiyatiga, qabul qiluvchi Antenna turli yo’nalishdan keluvchi to’lqinlarni saralash xususiyatiga ega bo’ladi. Qabul qiluvchi Antennaning bu xususiyati yo’nalish bo’yicha tanlash deyiladi. Antenna ning ishlash tarzi ochiq tebranish konturining elektromagnit to’lqinlarini tarqatishiga asoslangan. Chastotalar diapazoniga qarab Antennalar uzun, o’rta, qisqa va ultraqisqa to’lqin Antennalariga bo’linadi. Antennalarning tuzilishi va shakli ularning qanday maqsad uchun mo’ljallanganligiga bog’liq. Uzun va o’rta to’lqin Antennalarining asosi yetarlicha uzun (va baland), tik o’rnatilgan o’tkazgichdan iborat. Past chastotalar diapazoni uchun mo’ljallangan Antennalar simlardan yasalgan murakkab moslama, yuksak va ultrayuksak chastotalar diapazoni uchun mo’ljallangan Antennalar linza va karnay shaklidagi moslamadir. Vazifasiga ko’ra, Antennalar quyidagi guruhlarga bo’linadi: a) radioeshitirish stansiyalari Antennasi; b) radioaloqa stansiyasi Antennasi; v) television Antennalar; g) radiolokatsiya va radiotelemexanika Antennalari; D) radioastronomiya Antennasi. Bu Antennalarning tuzilishi bir-biridan farq qilishiga qaramay, barchasida simmetrik yoki simmetrikmas vibrator bo’ladi. Simmetrik vibrator o’zaro teng ikkita o’tkazgich bo’lib, ularning bir uchiga o’tkazgich yoki priyomnikdan keladigan fider liniyasi ulanadi. O’tkazgichning uzunligi uzatilayotgan radioto’lqinlar uzunligining yarmiga (o’lcham yarim to’lqin uzunligiga) teng bo’lgan vibratorlar Antenna texnikasida ko’p ishlatiladi. Simmetrikmas vibrator faqat bitta o’tkazgichdan iborat. Shuning uchun fider liniyasining ikkinchi uchi yerga ulanishi kerak. Ko’rsatkichlari: yo’nalganlik diagrammasi, kuchaytirish koeffitsienti, tarqatilgan to’lqinlarning qutb tekisligi, ta’sir balandligi va hokazolar. Tuzilishiga ko’ra, Antennalar gorizontal, vertikal, magnitli, qiya, rombsimon, parabolik, Di-elektrikli va hokazo xillarga bo’linadi. Olisdagi stansiyalardan signallarni qabul qilishda va uzatishda gorizontal hamda vertikal Antennadan, kichik («cho’ntak») va ko’tarib yuriladigan radiopriyomniklarda signallarni qabul qilishda magnitli Antennadan foydalaniladi. Magnitli Antenna radioto’lqinlarning magnitli tashkil etuvchilarini yaxshi sezadi. Bunday Antenna magnit material (ferrit) dan yasalgan sterjendan iborat bo’lib, unga priyomnik tebranish konturining induktivlik g’altagi o’rnatilgan. Ultra qisqa to’lqinlarda ancha murakkab yo’naltirilgan Antennadan foydalaniladi. Ular metall sterjenlarga simmetrik mahkamlanib botiq ko’zgular ko’rinishida yasaladi. Qisqa to’lqin tarqatuvchi va qabul qiluvchi eng sodda Antenna o’lchami yarim to’lqin uzunligiga teng simmetrik vibratordir. Vibrator energiyani asosan gorizontga nisbatan biror burchak ostida o’tuvchi tekislikda tarqatadi (vibrator o’z o’qi va yer sirti bo’ylab energiya tarqatmaydi), vibratorning yo’nalganligi juda kam. Vibratorning yo’nalganligini orttirish uchun ko’p qavatli sinfaz va rombsimon Antennalar yasaladi. Ko’p qavatli sinfaz Antenna gorizontal joylashgan, ikki bo’lagining o’lchami yarim to’lqin uzunligiga teng vibratorlardir. Ulardan bittasi tarqatgich, ikkinchisi qaytargich hisoblanadi. Qaytargich vibrator to’lqinni bir tomonlama tarqatadi. Rombsimon Antenna simdan yasalgan va keng to’lqin diapazonida ishlaydi. Antenna Antennalar metr, desimetr, santimetrli to’lqinlar Antennasiga bo’linadi, masalan, shleyf antenna va direktorli Antennalar. Shleyf Antenna uchlari tutashtirilgan, parallel joylashgan, o’lchami yarim to’lqin uzunligiga teng 2 ta vibratordan tuzilgan. Direktorli Antenna esa gorizontal tekislikda joylashgan faol (aktiv) va sust (passiv) vibratorlardir. O’lchami yarim to’lqin uzunligiga teng vibrator yoki shleyf Antenna faol tarqatgich vazifasini bajaradi. U diametri yetarlicha katta, yaxlit yoki naysimon tsilindrik o’tkazgichdan yasaladi. Sust vibratorlar (old tomonda — direktor, orqada — reflektorlar) ning bo’lishi Antennaning yo’nalganligini oshiradi. U tor polosalidir. Optik turdagi Antennalar — ko’zgu va linzalar santimetrli to’lqinlar Antennalariga kiradi. Ko’zgu metalldan, linza dielektrikdan yasaladi. Ular qaytargich (projektorlarning ko’zgusi kabi) vazifasini bajaradi va sferik (tsilindrik) to’lqinga aylantiradi. Bunday Antennalar radiolokatsiya, radioastronomiya va radioreley aloqada keng ishlatiladi. Radioreleyli aloqada, kosmik radioaloqada, radioastronomiya va boshqa sohalarda o’ta yuqori chastotali parabolik antenna keng tarqalgan. U parabola shaklidagi metall ko’zgu va tarkatgichdan iborat. Tarqatgich sifatida kucheiz yo’naltirilgan Antenna (karnaylar, kichik reflektorli vibratorlar, spirallar va boshqalar) ishlatiladi. Energiyani biror fazoviy burchakka to’plab tarqatish xususiyati Antennaning yo’nalganligi deyiladi. U yo’nalish diagrammasi (Y. D.) da ifodalanadi. Y.D. ning f.i.k. ko’paytmasi Antennaning kuchaytirish koeffitsienti deyiladi. Radioeshittirish va televideniyeni Antennalarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Ular imkoni boricha baland quriladi. O’zbekiston, Rossiya, Frantsiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda eng baland teleantennalar bor. Masalan, Moskvadagi Ostankino teleminorasining balandligi 533,3 metr, Toshkentdagi teleminoraning balandligi 375 metr.