Jarib

Jarib (Arabcha) — yuza, hajm va og’irlik o’lchov birligi; Sharq mamlakatlarida, jumladan Markaziy Osiyoda 7-asrdan boshlab qo’llanilgan. Yuza o’lchov birligi, aynan tanobta teng: 1 Jarib =1 tanob = 3600 kv. gaz. Ba’zi adabiyotlarda Jarib 1 gaz = 66,5 santimetr bo’yicha aniqlangan, ya’ni 1 Jarib = 1592 m2. Jarib ilk o’rta asrda 1592 m2 (kichik jarib), 5837 m2 (katta jarib) bo’lgan. 15-asrdan boshlab 960 m2. Hozirgi vaqtda Eronda 1 Jarib rasman 1 gektarga teng bo’lsada, Jaribning taxminan 400 m2 dan 1450 m2 gacha o’zgarib turuvchi mahalliy turlari ham mavjud: jaribi shohiy 1200 m2 ga, jaribi rasmiy 760 m2 ga teng. O’rta Osiyoning huquqiy hujjatlarida Jarib bilan tanob bir xil yuza o’lchovini ifoda etgan. Yer o’lchovchi mansabdor jaribkash yoki jarib amin deb atalgan; og’irlik o’lchov birligi: qiymati ishlatilish vaqti va joyiga qarab har xil bo’lgan. Madinada 7-9-asrda 22,825 kilogramm, Eronning turli yerlarida 10-asrda 32,5 kilogrammdan 108,3 kilogramm (138 l) gacha, 14-asrda esa 1 Jarib 100 kilogramm bo’lgan; hajm o’lchov birligi: qiymati ishlatilish joyiga qarab har xil bo’lgan. 7-asrda Madinada Umar xalifaligi davrida 1 Jarib 3,245 kilogramm bug’doy sig’adigan 4,2125 litr hajmga teng bo’lgan. Eron va O’rta Osiyoning turli yerlarida 1 Jarib 100 kilogramm bug’doy sig’adigan 130 litr hajmga teng bo’lgan (1 Jarib=130 litr).