Jarmo manzilgohi
Jarmo manzilgohi – Mesopotamiyadagi ilk neolit davri (miloddan avvalgi 7-ming yillik)ga oid manzilgoh. Kirkuk shahrining yaqinida, 1948 yilda amerikalik arxeolog R. Breydvud topib tekshirgan. Uning 3 ga yaqin maydoni kavlab ochilgan. Madaniy qatlamining qalinligi 7 metrga yetadi. R. Breydvudning taxminicha, Jarmo manzilgohida 25 ga yaqin alohida xonadon bo’lib, ularda 150 ga yaqin kishi istiqomat qilgan. Devorlari somonli, xom g’ishtdan qurilgan. Sopol va marmarsimon toshlardan yasalgan idish bo’laklari, odam va hayvon haykalchalari topilgan. Sopol idishlar qizil bo’yoq bilan sodda bezatilgan. Chaqmoqtoshdan yasalgan motiga, yorg’uchoq, o’roq qadamasi, qirg’ich, suyakdan yasalgan igna, arpa-bug’doy qoldig’i, uy va yovvoyi hayvon suyaklari va boshqa narsalar topilishi Jarmo manzilgohiliklar hayotida ovchilik va ibtidoiy dehqonchilik katta rol o’ynaganini ko’rsatadi. Ad.: Masson V. M., Srednyaya Aziya i Drevniy Vostok, M.—L., 1964.