Jag’albayli, Jag’alboy
Jag’albayli, Jag’alboy – 1) o’zbek urug’laridan biri. 19-asrning boshida o’zbeklarning qipchoqlar, Nayman, Qurama va boshqa qabilalari tarkibida uchraydi. O’rta asrlarda aslida qabila bo’lgan. Jag’albayli o’zaro kurashlar natijasida yemirilib, kichik-kichik guruhlarga bo’linib ketgan. Keyinchalik Jag’albayliga mansub kishilar bir qancha qabila va xalqlar tarkibiga qo’shilib, o’z nomini saqlab kelganlar. Jag’albaylining katta bir qismi qipchoqlar tarkibida qolib, Amir Temur va uning vorislari davrida (14-15-asrlar) Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga va shimoliy Afg’onistonga ko’chib kelib o’rnashgan. 19-asrning 70-yillarida Jag’albaylining katta bir guruhi Afg’onistondan Samarqand viloyatining hozirgi Pastdarg’om tumaniga kelib o’rnashdi. O’zbekiston hududidagi Jag’albaylilar o’zbek xalqi tarkibiga singib ketgan; 2) qozoqlarning kichik juz tarkibiga kirgan urug’ nomi.