Lotereya

Lotereya (italyancha lotteria, Fransuz tilida lot — qur’a) — davlat yoki tashkilotlar tomonidan maxsus biletlar (Lotereya biletlari) sotish orqali aholidan ixtiyoriy pul mablag’lari yig’ish shakli. Yig’ilgan mablag’larning bir qismi pul yoki buyum yutuqlari tarzida o’yinga sarflanadi. Lotereyaning, asosan, quyidagi turlari mavjud: tirajli Lotereya — tartib raqamlari (seriya va razryadlarga bo’lingan) qo’yilgan Lotereya biletlari chiqariladi. Bir Lotereya bileti qiymati, o’yinni o’tkazish vaqti, pul, buyum va boshqa yutuqlar miqdori Lotereya chiqarilguniga qadar belgilanadi. Bir lahzali Lotereya (Allergi) — Lotereya o’yini bilet sotib olingan zahoti o’tkaziladi, yutuqli biletlar ularni aniqlashni istisno qiluvchi yopiq holda chiqariladi. Yutuq o’yin bileti sotib olinganidan so’ng himoya qatlamini o’chirish, biletning bir qismini kesish va boshqalar bilan darhol aniqlanadi. Lotereya birinchi marta 1466 yil 24 Fevralda Bryugge shahrida (Germaniya) kambag’allarga yordam uyushtirish uchun mablag’ yig’ish maqsadida o’tkazilgan. Sobiq Ittifoqda, shu jumladan, O’zbekistonda aholi mablag’larini madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarga jalb etish maqsadlarida 20-asrning 20-yillari boshidan dastlab mahalliy davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan Lotereya o’yinlari tashkil etilgan. 1926 yildan turli ko’ngilli tashkilotlar (Osoavi-Axim, qizil krest va qizil yarim oy va boshqalar) Lotereyalari keng tarqadi. 1958 yildan ittifoqdosh respublikalarda davlat Lotereyalari (pul-buyum, sport, badiiy, Dosaaf va boshqalar) chiqarildi va ulardan olingan daromadlar shu respublikalar byudjetiga o’tkazildi. Hozirgi davrda ko’pgina xorijiy mamlakatlarda Lotereyani munisipalitetlar, xayriya jamg’armalari o’tkazadi. O’zbekistonda 1991 yildan keyin, asosan, tirajli va lahzali Lotereyalar chiqarila boshlandi. «Sovg’a» (1995), «Mustaqillik» (1996) davlat pul-buyum Lotereyalari, xayriya jamg’armalari, jamiyatlar («Navro’z», «Amir Temur», «Bobur», «mehr-shafqat va salomatlik», «Nuroniy», «Mahalla», «Kamolot», «Oltin meros» va boshqalar) hamda turli tashkilotlar tomonidan turli xil Lotereyalar chiqarildi. Lotereyalar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, tarixiy obidalarni saqlash, ta’mirlash, yangi ish o’rinlarini tashkil qilish, sportni rivojlantirish, xayriya, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish maqsadlarida o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasida Lotereyani chiqarish O’zbekiston Respublikasining «faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to’g’risida»gi qonuni (2000 yil 25 may), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «pul-buyum lotereyalari o’tkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi (2002 yil 15 noyabr) qarori bilan tartibga solinadi. Mintaqaviy Lotereya o’yinlarini o’tkazish bo’yicha viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida xo’jalik hisobidagi ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etilgan. Bahrom Ashrafxonov.