Lotin alifbosi, lotin yozuvi

Lotin alifbosi, lotin yozuvi — Qadimgi Rimda uncha katta bo’lmagan Lasiy viloyatining («lotin» so’zi ham shundan), xususan, uning markazi Rim shahrining yozuvi, harfiy yozuv; g’arbiy yunon yozuvi asosida paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi 9-8-asrlarda hozirgi Italiya hududiga kirib kelgan alifboli yunon yozuvi asta-sekin rivojlanib, faqat miloddan avvalgi 4-3-asrlardagina mustaqil Lotin alifbosi yuzaga kelgan. Ushbu yozuvdagi eng qadimgi yodgorliklarda (miloddan avvalgi 6-4-asrlar) yozuv yo’nalishi ham o’ngdan chapga, ham chapdan Lotin alifbosi o’ngga bo’lgan, miloddan avvalgi 4-asrdan keyingina chapdan o’ngga qarab yozish barqarorlashgan. Bu davrdagi yozuvda tinish belgilari bo’lmagan, harflar bosh (katta) va kichik harflarga ajratilmagan. Lotin alifbosida dastlab 20 ta harf bo’lgan, miloddan avvalgi 1-asrdan boshlab yunon tilidan kirgan so’zlarni yozish uchun Y, Z harflari qo’llana boshlagan. Ushbu alifbo o’rta asrlarda ko’plab shakl o’zgarishlariga uchragan holda rivojlanishda davom etadi. 11-asrda W harfi, 16-asrda xa J va V harflari alifboga kiritiladi. Keyingi rivojlanish davrida, kitov bosish ishlari yo’lga qo’yilganidan keyin, tinish belgilari, diakritik belgilar paydo bo’ldi, bosh va kichik harflar farqlana boshlandi. Hozirgi Lotin alifbosi 2 xil tipografik shaklga ega: asl lotin harflari (ikkinchi nomi — «antikva») va got yozuvi («fraktura» deb ham ataladi). Ularning birinchisi, ya’ni lotin harflari eng qad. Alifboga yaqin bo’lib, hozirgi amaliyotda, asosan, ana shu harflardan foydalaniladi. Rim imperiyasi kulagach, xususan, 8-asrdan e’tiboran Lotin alifbosi G’arbiy Yevropadagi ko’plab xalqlarning yozuv tizimlari uchun asos bo’ldi. Hozirgi davrda dunyo tillarining 30-35%i Lotin alifbosidan foydalanadi. O’zbekistonda ham 1929-40 yillarda shu alifbo asosidagi o’zbek yozuvi amalda bo’lgan. Milliy yozuv tizimlari Lotin alifbosiga asoslangan xalqlarning alifbolaridagi harflar tarkibi, albatta, qadimgi Lotin alifbosidan farq qiladi. Lotin alifbosining tegishli fonetik tizimlarga moslashuvi diakritik belgilarni kiritish orqali amalga oshiriladi. Abduvahob Madvaliyev.