Lotin tili

Lotin tili — hind-Yevropa tillari oilasining italiy tillari guruhiga mansub; Italiyaning o’rta qismidagi Lasiy viloyatida miloddan avvalgi 8-asrda yashagan lotin qabilasining tili. Lotin tilining asta-sekin Rim hududidan tashqariga tarqalishi va qadimgi Italiyaning boshqa tillarini siqib chiqarishi miloddan avvalgi 4-3-asrlarga to’g’ri keladi. Apennin yarim orolining lotinlashuvi (yunon tili hukmron bo’lgan Janubiy Italiya va Sitsiliya bundan mustasno) miloddan avvalgi 1-asrda yakunlanadi. Rim imperiyasining gullab-yashnashi, yangi-yangi mustamlakalarning bosib olinishi natijasida Lotin tili Shimoliy Afrika, Ispaniya, Galliya, Germaniya, Dunaybo’yi hududlariga tarqaladi. Lotin tilidagi eng qadimgi yodgorliklar miloddan avvalgi 3-asrga mansub. Qadimgi davr Lotin tili tarixi bir-biridan u yoki bu darajada farqlanuvchi 5 ta davrga ajratiladi: 1) eng qadimgi Lotin tili davri (miloddan avvalgi 6-4-asrlar); 2) klassik davrgacha bo’lgan Lotin tili davri (miloddan avvalgi 3-2-asrlar, adabiy Lotin tilining shakllanish vaqti); 3) klassik, «oltin» Lotin tili davri (miloddan avvalgi 1-asr, juda boy leksika va rivojlangan adabiyoti bilan ajralib turadi); 4) klassik davrdan keyingi, «kumush» Lotin tili davri (milodiy 1-asr, adabiy tilning fonetik va morfologik me’yorlari uzil-kesil shakllandi); 5) so’nggi bosqichdagi Lotin tili (2— 6-asrlar; yozuv tili bilan xalq-so’zlashuv tili-«xalqona lotin» o’rtasida tafovut paydo bo’ldi). 5-asrda Rim imperiyasi qulaganidan keyin xalq-so’zlashuv tilining mintaqaviy farqlanishi tezlashib, bu narsa 9-asrga kelib alohida, mustaqil roman tillarining (italyan, frantsuz, portugal, ispan, rumin, moldavan va boshqalar) paydo bo’lishiga olib keldi. Yozma Lotin tilining birligi saqlanib qoldi, u leksik jihatdan rivojlanishda davom etdi, klassik Lotin tilining asosiy lug’at tarkibi va grammatik kurilishi barqarorlashdi. Adabiy Lotin tili tarqalgan barcha hududlarda u ma’muriy boshqaruv, savdo-tijorat, maktab tili edi; o’rta asrlarda butun G’arbiy Yevropa umumiy yozuv tili bo’lib qo’llandi; 18-19-asrlargacha diplomatiya, ilm-fan va falsafa tili, 20-asrda esa katolik cherkovi tili, Vatikanning (italyan tili bilan birga) rasmiy tili bo’lib qoldi. Lotin tili Yevropa madaniyati rivojida ulkan rol o’ynadi. Yevropa tillaridagi siyosiy, ilmiy va texnik terminologik tizimlarning leksik jihatdan boyishi va ko’payib borishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Lotin tili qadimiy hind-Yevropa tillariga xos, uni Xett tili, hind-Eron, kelt tillari bilan yaqinlashtiruvchi xususiyatlarni saqlab qolgan. Asosiy fonetik jihatlari unda unlilar chuziqligining fonologik farqlanishiga egaligi, urg’u so’zning oxirgi bo’g’iniga tushmasligi, undoshlarning kuchsizlanib borishi kabilardan iborat. Morfologik xususiyatlari: fleksiyadan shakl yasashning asosiy vositasi sifatida foydalanish, fleksiyaning 5 turi mavjudligi, turlanishning 6 kelishikka asoslanishi, fe’llarda 3 xil mayl (indikativ, kon’yunktiv, imperativ) va 2 xil nisbat (aktiv va o’rta passiv) farqlanishi va boshqalar. So’z tartibida fe’l gap oxirida keladi. Lotin tili leksikasida yaqin qarindosh yoki noqarindosh qabilalar tillarining ta’siri saqlanib qolgan. Lotin tiliga yunon tili, ayniqsa, miloddan avvalgi 3— 1-asrlarda kuchli va davomli ta’sir ko’rsatgan. Lotin tili leksikasi, yunon tili bilan birga, ilmiy terminologiya sohasida xanuz baynalmilal terminlarni yaratishda manba bo’lib xizmat qilmoqda. Abduvahob Madvaliyev.