Limfogranulematoz

Limfogranulematoz (limfa va lotincha granulyoma) — limfa to’qimasida uchraydigan xavfli o’sma. Asosan, limfa tugunlari va ichki a’zolar: jigar, o’pka, taloq, shuningdek, me’da-ichak yo’li, nerv sistemasi, teri va boshqalar zararlanadi. Birinchi marta ingliz vrachi T. Xojkin tavsif etganligi uchun (1832 yil) Xojkin kasalligi deb ham ataladi. Hamma yoshdagi kishilarda uchraydi. Kelib chiqish sababi to’liq o’rganilmagan. Qaysi a’zo va limfa tugunlari zararlanganligiga qarab, kasallik har xil kechadi. O’tkir Limfogranulematozda harorat ko’tariladi, limfa tugunlari, jigar, taloq kattalashadi, kamqonlik avj oladi, bemorning darmoni quriydi. Ko’pincha, Limfogranulematoz surunkali kechadi. Rentgenologik tekshirishlarga qarab tashhis qo’yiladi. Kasallikning oldini olish uchun o’z vaqtida vrachga murojaat qilish zarur. Davosi: jarrohlik, kimyoterapiya yoki nur buyuriladi.