Limfa tugunlari, limfa bezlari

Limfa tugunlari, limfa bezlari — odam va yuksak umurtqali hayvonlarning limfa sistemasi tuzilmalari. Limfa tugunlari qon yaratish a’zosi va kasallik qo’zg’atuvchi mikroblar, ularning toksinlari va umuman zaharli moddalar uchun to’siq vazifasini o’taydi. Shu tariqa limfaning biologik filtri hisoblanadi. Limfa tugunlari pushti-kulrang, qalin kapsula bilan qoplangan, dumalok, yoki oval shaklli tuzilmalardan iborat; ularda limfotsitlar hosil bo’lgani uchun limfoid a’zolar deb ham ataladi. Limfa tugunlari immunobiologik jarayonlar va limfa oqimi (harakati)ni tartibga solib turadi. Limfa tugunlari «darvoza»sidan chiqib, limfa olib ketuvchi tomirlar o’zaro qo’shilib, limfa stvolini hosil qiladi, ular ikkita yirik limfa yuliga aylanadi, bulardan vujudga kelgan yirik tomirlar bo’yinda yirik vena kon tomiriga tutashadi. Limfa bilan oqib kelgan kasallik qo’zg’atuvchilarini Limfa tugunlari hujayralari qisman yoki butunlay yutib yuboradi. Ba’zi kasalliklar (angina, epidemik parotit va boshqalar)da Limfa tugunlari shishib, kattalashib ketadi.