ARAB TILI

ARAB TILI — Somiy tillar guruhining Janubiy tarmog’iga mansub til. Yaqin va O’rta Sharq hamda Afrika shim. dagi yigirmadan ortiq mamlakatning rasmiy davlat tili hisoblanadi. Arab tilida 200 milliondan ortiq aholi gaplashadi (1997). Qadimiy Arab tili miloddan avvalgi 5 — 4-asrlarga taalluqli obidalar orqali ma’lumdir. U mumtoz Arab tilining paydo bo’lishiga zamin bo’lgan. Mumtoz Arab tilining leksik va grammatik shakllanishi johiliya davri (5 — 7-asrlar) shoirlarining og’zaki ijodlarida namoyon bo’la boshlagan. Qur’oni Karimning nozil bo’lishi natijasida mumtoz Arab tili badiiyati yanada go’zallashdi va Grammatik me’yorlari mukammallashdi. 8 — 9-asrlarda mumtoz Arab tili grammatikasi ishlab chiqildi, Islom yoyilgan o’lkalarda rasmiy va ilmiy til bo’lib qoldi. Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy va b. ilmiy asarlarini ana shu tilda yozganlar. Mumtoz Arab tili leksik jihatdan bir oz o’zgargan holda, hozirga qadar arablarning adabiy tili bo’lib kelmoqda. Buning asosiy sababi Arab dunyosini birlashtirib turuvchi Qur’oni Karim, hadisi Sharif va boshqa mo’tabar manbalardir. Arab dunyosidagi vaqtli matbuot, nashrlar, radio va televideniye hozirgi shu tilda. Arab so’zlashuv tili adabiy tildan keskin farqlanadi, fonetik va leksik jihatdan bir-biriga o’xshamaydi. Misr, Sudan, Suriya, Iroq, Mag’rib, Xasaniya (Mavritaniya), Shoa (Nigeriya, Kamerun, Niger) lahjalariga bo’linadi. Ushbu lahjalar asosan 3 sababga ko’ra yuzaga kelgan: 1) Arab adabiy tiliga Quraysh qabilasi (Makka) shevasida nozil bo’lgan Qur’oni Karim tili asos bo’lgan, zero o’sha vaqtlardayoq Arabiston yarim orolida yashovchi qabilalarning tillarida turli tafovutlar bor edi; 2) hozirgi Arab dunyosining aksar qismi kelib chiqishi Arab bo’lmagan xalqlardir. Ular Islom ta’sirida arablashgan. Ularning hozirgi so’zlashuv tilida islomgacha mavjud bo’lgan ona tillari unsurlarining bo’lishi, tabiiy; 3) Arab dunyosining aksar qismi G’arb istilochilari hukmronligi ostida bo’lganligi hududiy lahjalarning jiddiy farklanishiga olib kelgan. Turkiston, xususan hoz. O’zbekiston hududi Arab xalifaligi tomonidan bo’ysundirilgach va Islom mahalliy aholi tomonidan qabul qilingach, Arab tili hamda Arab yozuvi mazkur hududda ilm-fan tili va yozuviga aylandi. Shu bilan bog’liq holda arabshunoslik vujudga keldi. Ad.: Sharbatov G. Sh., Sovremenniy arabskiy yazik, M., 1961; Talabov E., Arab tili, T., 1993. Sarvar Abdullayev.