ARALASH IQTISODIYOT
ARALASH IQTISODIYOT – hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti modellaridan biri. Aralash iqtisodiyot bozor iqtisodiyotining rivojlangan va demokratlashib, insoniy tus olgan turi bo’lib, AQSh, Angliya va Frantsiya kabi rivojlangan mamlakatlarga xos. Aralash iqtisodiyot poliiqtisodiy tizim bo’lib, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti, kooperativ iqtisodiyot kabi modellardan o’zining 3 jihati bilan ajralib turadi: a) mulkiy xilma-xillik. Iqtisodiyotda yagona mulk monopoliyasiga o’rin qolmaydi, xilma-xil mulkchilik yonma-yon rivojlanadi. Mulkchilikning 3 shakli mavjud bo’lib, bular xususiy mulk, jamoa mulki va davlat mulkidan iborat buladi. Xususiy mulkning individual (yakka) mulk shakli emas, balki kooperativ (shirkat) shakli ustuvorlik qiladi. Jamoa mulki esa ishchi va xizmatchilarning uziga yoki ularning kasaba uyushmasiga karashli mulkdan tashkil topadi va xalq korxonalarida o’z ifodasini topadi. Bu korxonalardagi ishchi va xizmatchilar ham mulk sohibi, ham mehnat ahli hisoblanadilar. Davlat mulki eng muhim, umummilliy ahamiyatga molik sohalar bilan cheklanadi, uning doirasi xususiylashtirish asosida qisqarib boradi. Mulk shakllaridan hech qaysisi monopol mavqeda bo’lmaydi. Iqtisodiyotda mulk shakllarining muvozanati saqdanadi; b) xo’jalik yuritish xilma-xilligi. Xo’jalik yakka, shirkat, aralash tarzda yuritiladi. Xo’jalik sub’yektlari xo’jalik faoliyatini o’z mablag’iga, qarz puliga tayanib yuritadilar, ular o’rtasida ijara munosabatlari keng tarqaladi. Yer, umuman, ko’chmas mulk va hatto, mashina-uskunalar ham ijara asosida ishlatiladi, lizingning turli shakl va usullari keng qo’llaniladi. Xo’jalik yuritish milliy doiradan chiqib baynalmilallashadi. Qo’shma korxonalar, transmilliy korporasiyalar rivojlanadi, ochiq iqtisodiy zonalar tashkil topadi; v) xo’jalik faoliyati miqyosida muvozanatning ta’minlanishi. Yirik, o’rta va kichik biznes muvozanatli holatda rivojlanadi. Yirik korxonalar monopoliyasiga o’rin qolmaydi. Har bir biznes o’z sohasida rivoj topadi. Yirik va kichik biznes munosabati, bir tomondan, raqobat munosabati bo’lsa, ikkinchi tomondan sheriklik va hamkorlik munosabatiga aylanadi. Muvozanatli holat raqobatga keng yo’l ochadi, monopoliyani cheklaydi. Shu sababli millionlab korxonalar yopiladi, o’zaro qo’shiladi yoki yangidan ochiladi. Iqtisodiyot sub’yektlarining ko’pchilik bo’lishi raqobatning ahamiyatini oshiradi. Aralash iqtisodiyot ko’p ukladlilikni talab etadi va bozor talabi atroflicha o’rganilib, bozorbop, ya’ni yaxshi sotiladigan tovarlar ishlab chiqariladi; barcha ishlab chiqarish omillari unumdorlikni ta’minlash yo’lida mukammallashtirib boriladi. Samarali ishlab chiqarish hamma daromadlarni (ish haqi, foyda, renta, foiz) oshirish imkonini beradi. Chunki har bir omilning (yer, mehnat va kapital) bergan iqtisodiy samarasi oshib boradi. Ammo daromadlar tarkibida mehnatdan keladigan daromad — ish haqi g’issasining ortib borishi yuz beradi. Aralash iqtisodiyotning ommaviy farovonlikni ta’minlashdan iborat bosh umumlashtiruvchi qonuni bor va u iqtisodiyotning ijtimoiy yo’nalishini ifoda etadi. Bu qonunni ikki holat yuzaga keltiradi. Birinchidan, mulk xilma-xil bo’lib, ozchilik qo’lida to’planmay, ko’pchilikka tegishli bo’ladi va mehnat ahli ayni vaqtda mulk sohiblariga ham aylanadi. Ikkinchidan, mahsulot va xizmatlarning ko’plab yaratilishi farovonlikni ta’minlashga yetarli bo’ladi. Daromadlar yuqori bo’lganidan ular tirikchilik sarfidan ortib qolib, pul va modliy shakldagi jamg’armaga aylanadi. Shu bois milliy boylik tarkibida aholi mol-mulkining hissasi ortib boradi. Hozirgi Aralash iqtisodiyotda iqtisodiy munosabatlarning aralash tarzda bo’lishi bozor va nobozor munosabatlarning uzviy qo’shilib ketishiga olib keladi. Bozor munosabatlariga xos raqobat, foyda uchun kurash, xususiy mulk hukmronligi, daromadlarning ishlab chiqarish omillaridan foydalanish natijasiga bog’liq bo’lish kabi belgilar bilan bir qatorda uzoq sheriklik asosida hamkor bo’lish, biznesda o’z o’rnini topib obro’ orttirish, imijga ega bo’lish, ishchi-xizmatchilarning mulkdorlarga aylanishi, xayr-sahovat qoidasiga binoan nochorlarga doimo yordam berish kabi munosabatlar ham kamol topadi. Aralash iqtisodiyotda tartibsizlik va noaniqlik minimal darajaga tushadi, iqtisodiyot davlat tomonidan tartibga solinadi, iqtisodiy muvozanatlar tezda tiklanib turadi. Davlat daromadlarni qayta taqsimlab, minimal daromadlarni keskin pasayishiga yo’l bermaydi. Shu maqsadda qonun yo’li bilan ish haqi minimumo’miqdori belgilanadi. Davlat antimonopol siyosat yurgizadi. Firmalarda marketing xizmatining kuchli rivojlanishi bozorni chuqur o’rganib, uning talabiga moslashish imkonini bergani holda davlat ham iqtisodiyotni tartibga solib turganidan kuchli iqtisodiy bo’hronlar va larzalar yuz bermaydi, iqtisodiy tanglik chuqur bo’lmaydi, undan tezda va kam talofat bilan chiqiladi. Umuman olganda jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik qaror topadi. Aralash iqtisodiyot bozor munosabatlarining hozirchalik eng rivojlangan shakli sifatida yuzaga keladi. Uning yaqqol namunasi deb AQSh iqtisodiyotini olish mumkin. Iqtisodiy nazariyada Aralash iqtisodiyot haqidagi qarashlar 20 asrning 20-yillarida paydo bo’lgan. Keyinchalik «Xalq kapitalizmi», «Demokratik kapitalizm», «Ommaviy farovonlik jamiyati», «Konvergentsiya» va boshqa kontsepsiyalarda Aralash iqtisodiyot nazariyasi takomillashtirildi. Ahmadjon O’lmasov.