ABDUKARIMXO’JA SULOLASI

ABDUKARIMXO’JA SULOLASI – g’ijduvonlik qo’g’irchoqbozlar avlodi: 1) Abdukarimxo’ja (1800-1870) — surnaychi va qo’g’irchoqboz; 2) Siddiq Kalon (1858-1940) — sozanda va maqomchi hofiz, qo’g’irchoqboz. Masxaraboz, qo’g’irchoqboz va nayrangbozlar to’dasiga rahbarlik qilgan. To’dada fayzi Mextar, Shodi puchuq, To’xta nog’orachi, Aziz muallaq, Hamro masxaraboz, Sayfiddin sherboz kabi san’atchilar ishlagan; 3) Xolmurod bobo Siddiqov (1891-1967) — qo’g’irchoqboz. U «Polvon Kachal», «Bichaxon», «Usmaxon» kabi qo’g’irchoqlarini o’rnatib kelgan. An’anaviy qo’g’irchoq teatrini hayotga yaqinlashtirishga, qo’g’irchoqlarning so’zlari bilan harakatlarini uyg’unlashtirishga, tomoshalarning maroqli va ta’sirchan chiqishiga intilgan.