ABDULAVVAL

ABDULAVVAL Nishopuriy (? Nishopur — 15-asr Samarqand) — tasavvuf olimi. Abdulavval «Masmuot» («Eshitilganlar») kitobi bilan mashhur. Bu asar naqshbandiylik tariqatining namoyandasi Xo’ja Ahrorning sufiylik nuqtai nazari, falsafiy qarashlariga bag’ishlangan tarjimai holidir. Abdulavval Xo’ja Ahrorning yoshligidan boshlab 86 yoshgacha bosib o’tgan sufiyona yo’lini o’sha davrdagi siyosiy, ijtimoiy ahvol bilan bog’lab ko’rsatgan. Kitobda Mirzo Ulug’bek davri voqealari ham o’z ifodasini topgan. Bu asarning nodir 2 nusxasi bor. Abdurahmon faqih tomonidan kitobat qilingan nusxasi juda eski; ikkinchi nusxasi 1598 yilda ko’chirilgan. Abdulavval Samarqandda Xo’ja Ahror qabristoniga dafn etilgan.