ABDULLA NURALI O’G’LI

ABDULLA NURALI O’G’LI (1874 -Kitob tumani qaynar qishlog’i — 1957) — baxshi-shoir. O’zbekiston xalq dostonchisi (1938). Yoshligidanoq cho’ponlardan do’mbira chertishni o’rgangan. 19-asr 2- yarmi va 20 – asr boshlarida yashagan Shaxrisabz dostonchilik maktabining yirik vakili Rajab shoirga shogird tushdi. Undan dostonchilik yo’llarini o’rgandi va 25 yoshida mustaqil dostonchi bo’lib etishdi. 1937 yilda Moskvada o’tkazilgan o’zbek adabiyoti dekadasiga va 1938 yilda Toshkentda bo’lib o’tgan xalq ijodchilari Olimpiadasiga qatnashib, muvaffaqiyatga erishdi. «Alpomish», «Saydimxon», «Malika ayyor», «Avazxon», «Hilomon», «Qironxon», «Kuntug’mish», «Yusuf bilan Ahmad» kabi xalq dostonlarini kuylagan, zamonaviy mavzularda termalar yaratgan. U qahramonlik dostonlarini sho’x aytishi, kuylarining yoqimliligi bilan boshqa dostonchilardan ajralib turgan.