ABDULLA QODIRIY (1894 — 1938)
Abdulla Qodiriy, o’zbek milliy adabiyotining ko’zga ko’ringan namoyandalaridan biri. U jurnalist, tarjimon sifatida ham mashhur bo’lgan. O‘z ijodi davomida ellikdan ortiq adabiy taxallus qo’llagan, shulardan «Julqunboy» taxallusigina mashhur. Ulug’ adib Toshkentning Samarqand Darboza dahasida bog’bonlik bilan kun kechiruvchi kambag’al oilada dunyoga keldi. 1904 — 1906-yillar eski maktabda va rus tuzem maktabida tahsil oldi. Oilasi kambag’allashgani sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotib va yordamchi bo’lib ishladi. Shundan so’ng Eski shahar Ozuqa qo’mitasining bosh kotibi (1918), «Oziq ishlari» gazetasida muharrir (1919), «Ishtirok iyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida adabiy xodim, shuningdek «Mushtum» jurnalida tahrir hay’ati a’zosi bo’lib xizmat qildi. Bo’lg’usi adibning ilk ijodi 1913 — 1914-yillarda boshlangan. Dastlab u shoir sifatida «Ahvolimiz», «Millatimga», «То’у» kabi she’rlar yozadi. Unda o’z xalqini ilm-ma’rifatga chorlaydi. U o’zining 1915-yilda nashr etilgan «Baxtsiz kuyov» nomli sahna asari bilan dramaturg sifatida ham taniladi. Abdulla Qodiriy shoir, dramaturg bo’lish bilan birga mohir felyetonchi, hajvchi, hikoyanavis, qissanavis va birinchi romannavis sifatida ham ma’lum va mashhurdir. Adib «Juvonboz», «Uloqda» kabi hikoyalari va «Kalvak mahzumning xotira daftaridan», «Toshpo’lat tajang nima deydi?» kabi hajviy qissalarida jamiyatdagi va odamlar orasidagi nopokliklarni hajv qiladi. Abdulla Qodiriy eng avvalo adabiyotimiz tarixida birinchi o’zbek milliy tarixiy anlarini yaratgan adib, san’atkor sifatida katta shuhrat topgan. «O’tgan kunlar» romani adibning shoh asaridir. Xalqimizning 19-asr o’rtalaridagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy silsilalarga boy murakkab bir davri haqida hikoya qiluvchi bu badiiy go’zal asari bilan Abdulla Qodiriy o’zbek romanchilik maktabiga asos soldi va Alisher Navoiydan keyin o’tgan eng ulug’ o’zbek adibi bo’lib qoldi. Otabek bilan Kumushbibilarning boshdan kechirganlari roman mavzusi asosini tashkil etadi. Xuddi shu bahonada davrning ijtimoiy-siyosiy muhiti ham badiiy umumlashtiriladi. Roman tili nihoyatda boy, jozibali va sermazmun bo’lib, uning o’ta o’qimishli bo’lishini ta’minlagan. Adibning «Mehrobdan chayon» nomli ikkinchi romanida Qo’qon xoni Xudoyorxon davriga xos adolatsizliklar, fitnafasodlar, qing ‘irliklar fosh etiladi. Bularga qarshi kurashda Anvar va Ra’nolar ko’rsatgan jasorat ulug’lanadi. Abdulla Qodiriyning «Obid ketmon» qissasi (1935) esa qishloq hayotidan yozilgan dastlabki yirik nasriy asar sifatida muhimdir. Abdulla Qodiriy shaxsga sig’inish davrining qurboni bo’ldi. U 1937-yil 31- dekabrda hibsga olinib, ko’p o’tmasdan qatl etilgan. 1956 yilga kelib yozuvchi oqlandi, uning adabiy merosi o ‘rganila boshlandi. Istiqlol tufayli nomi abadiylashtirilib, ko’chalar, mahalla, maktab, madaniyat uylari, institut adib nomi bilan yuritila boshlandi. Uning asarlari qator xorijiy tillarda nashr etilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Abdulla Qodiriy tavalludining 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.