Abdulla Qodiriy ijodi

R e j a

  1. Abdulla Qodiriy – yangi o’zbek adabiyotining asoschilaridan biri.
  2. Abdulla Qodiriy biografiyasi.
  3. Abdulla Qodiriyning ma’rifatparvarlik ruhidagi ilk asarlari.
  4. Abdulla Qodiriy – o’zbek realistik romanining yaratuvchisi.
  5. Abdulla Qodiriy satirasi.
  6. Abdulla Qodiriyning zamonaviy mavzudagi asarlari.
  7. Abdulla Qodiriyning adabiy-tanqidiy qarashlari.
  8. Tanqid va adabiyotshunoslikda Abdulla Qodiriy ijodining o’rganilishi.

ABDULLA QODIRIY
(1894-1938)
Abdulla Qodiriy XX asr o’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biridir. Qodiriyning o’zbek adabiyoti rivojida o’rni beqiyos. «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» asarlari bilan u o’zbek romanchiligiga asos soldi. Qodiriyning dastlabki mashqlari 1913-1914 yillarda ilk bora nashriyot yuzini ko’rdi. Yozuvchining ilk she’rlari «Millatimga», «Ahvolimiz», «To’y»dir. Unda Qodiriy g’aflatda, jaholat botqog’ida qolgan xalqining ahvolini alam bilan yorqin detallar orqali ta’riflaydi:

Ko'r bizning ahvolimiz, g'aflatda qanday yotamiz, 
Joyi kelgan chog'ida vijdonni pulga sotamiz.

Qodiriy tez orada she’riyatni tashlab, dramaturgiya, nasrga o’tdi, birin-ketin «Baxtsiz kuyov», «Juvonboz» asarlarini e’lon qildi. Muallifning e’tirof etishicha, «Baxtsiz kuyov» «Padarkush» pyesasi ta’sirida, «Juvonboz» esa tatarlarda chiqib turgan jadidchilik ruhidagi hikoya va romanlarga taqlidan yozilgan. Bu ikki asarda ham Qodiriy o’z she’rlaridagi motivni davom ettiradi, jadid adabiyotiga xos g’oyalarni ilgari suradi. Oradan sal o’tmay «Uloqda» hikoyasi yuzaga keldi. Oybek bu hikoyaga juda yuksak baho beradi. «Uloqda» nomli hikoyasi «Juvonboz» va boshqa asarlariga nisbatan tenglashtirilmas darajada yuqori bir asar», – deb yozadi u. Bu asardan yozuvchi hikoya texnikasi, priyomlarini egallaganligi yaqqol ayon bo’ladi. Qodiriy «Uloqda» hikoyasi bilan o’zbek nasrida realistik metodning qaror topishiga asos soldi. «Uloqda» hikoyasi xalq so’zlari va ifodalari asarning badiiy to’qimasiga uzviy kirib ketganligi bilan ajralib turadi. Hikoya jonli, obrazli til bilan yozilgan. Shaxslar ham o’ziga xos til bilan so’zlaydilar. Hikoyada tashviqotchining, voizning o’rnini san’atkor oladi. Yozuvchi bu asarda voqealar ustida muhokama qilmaydi, tushuntirmaydi, balki obrazlar orqali ko’rsatadi.
Adibning ana shunday asarlaridan «O’tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlari uning ijodida eng katta hodisa darajasiga ko’tarildi. Yozuvchining e’tirof etishicha, «o’tgan kunlar»ni u 1919 yilda yoza boshlagan. Qodiriy bu romanida xolis – ob’yektiv turib, o’tgan XІX asr o’rtalaridagi Turkiston tarixining, o’zbek xalqi hayotining haqqoniy manzarasini beradi, muhim tarixiy jarayonlarni chuqur badiiy tahlil etadi, davrning etakchi ijtimoiy kuchlari mohiyatini ochadi, o’sha zamon kishilarining ahvol ruhiyati, orzu intilishlari, quvonch va tashvishlarini favqulodda bir mahorat bilan yorqin obrazlar orqali ko’rsatadi. Otabek, kumush, Yusufbek hoji, Oftob oyim, O’zbek oyim, Hasanali obrazlari orqali adib milliy timsollar yaratdi. Romanda inson erki, muhabbati masalasi bilan bir qatorda Rossiyaga munosabat muammosi ham katta o’rin tutadi. Asar qahramonlaridan Otabek roman boshlaridayoq o’z davrining ilg’or kishisi ilgari surishi mumkin bo’lgan qarashlarni, ya’ni Rossiyaning davlat qurilishi, qonunlari, tartiblari, maorif va madaniyati juda ibratli ekanligi, lekin Turkiston unga qo’shilishi mumkin emasligi to’g’risidagi fikrni suhbatdoshlari o’rtasiga tashlaydi. Hech bir inson o’z xalqining qul bo’lishini istamasligi e’tiborga olinsa, Otabekning bu qarashlari yuksak millatparvarlik ruhi bilan sug’orilgan g’oyalar ekanligi yaqqol ayon bo’ladi. Shunga qaramay, Otabekning mazkur g’oyalari Abdulla Qodiriyni Turkistonning Rossiyaga qo’shilishi progressiv ahamiyatini anglamaslikda va «millatchi», «xalq dushmani» sifatida ayblash uchun bir dastak tarzida foydalanilgan.
1926 yildan boshlab adib ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» asari ustida ishladi. Asarning «Mehrobdan chayon» deb atalishi, unda ko’proq munofiq dindorlarning «muqaddas dargoh»ga nomunosib harakatlariga, ilmiga amal qilmaydigan, e’tiqodni oyoqosti etadigan, shaxsiy manfaat yo’lida hech narsadan toymaydigan, halol odamlarni ko’rolmaydigan hasadgo’ylar qilmishiga ishoradir. Qodiriy bu romanda ham takrorlanmas go’zal timsollar Anvar, Ra’no, Solih Mahdum, Nigoroyim, Sultonali, Safar bo’zchi, Abdurahmon obrazlarini yaratdi. Romanda muhabbat masalasiga turli tabaqa vakillarining munosabatini ko’rsatish orqali yozuvchi XІX asr o’rtalaridagi tarixiy sharoitning haqqoniy manzaralarini chizishga, bir tomonda jabr-zulm avj olganligini, ikkinchi tarafdan esa adolat uchun kurash so’nmaganligini yorqin gavdalantirishga muvaffaq bo’lgan. Faqat mazkur asar «O’tgan kunlar» romani darajasida mukammal chiqqan deb hisoblash qiyin, chunki undagi ba’zi voqealar va ruhiy jarayonlar tasvirida badiiy dalillash san’ati etishmagandek tuyuladi. Xususan, Anvarning jallodlar qo’lidan osonlik bilan qutqarilishi asardagi eng zaif dalillangan o’rinlardan hisoblanadi. Umuman olganda, Abdulla Qodiriy yuqoridagi ikkita tarixiy romani bilan badiiy ijodda eng jiddiy muvaffaqiyatga erishdi. Zamonaviy asarlarida esa yozuvchi romanlari darajasidagi yutuqlarni qo’lga kirita olmadi. Chunonchi, zamonaviy mavzuda yozilgan Abdulla Qodiriyning «Obid ketmon» povesti naturalistik tasvir unsurlarining ortib ketishi tufayli mukammal asar darajasiga ko’tarilmadi. Shunga qaramay Abdulla Qodiriyning ko’pchilik asarlari qatori «Obid ketmon» qissasi ham o’z davrida haqiqiy bahosini ololmadi. Vulgar sotsiologizm og’usi bilan zaharlangan, faqat «sinfiy yondashish «Nigina mezon qilib olgan, aslida chinakam ilmiy talqindan uzoq, o’ta o’jar, johil tanqid bu o’ziga xos qissa mohiyatini buzib, uni mafkuraviy xatolarga to’la, «Siyosiy tuturug’siz» asar deb e’lon qildi. (J.Sharifiy, Olim Sharafiddinov. «Obid ketmon» haqida». «Qizil O’zbekiston», 3.06.1937.).
«Obid ketmon» keyingi o’ttiz yil ichida ham o’zining munosib bahosini olgani yo’q. Oybek ham «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo’li» kitobida qissani yaxshi baholamaydi, asarda kolxozlashtirish, sinfiylik ruhi etakchilik qilishini alohida ta’kidlaydi.
Qodiriy o’z faoliyati davomida matbuot sohasida ham ahamiyatli ishlar qildi. «Mushtum» jurnalining tashkil etilishi adib nomi bilan bog’liqdir. Yozuvchi bir qator ilmiy-publisistik, adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. «Kalvak Mahzumning xotira daftaridan», «Toshpo’lat tajang nima deydi?», «Shirvon xola nima deydi?»kabi satirik asarlari bilan o’z jurnalini boyitdi. Muallif bu asarlarida inson xarakteridagi yomon illatlar, qusurlar ustidan kuladi. Mazkur asarlarida yozuvchi o’tmishning va o’zi yashayotgan davr turmushining dahshatli manzaralarini zaharxanda qahqaha vositasida gavdalantirib, chinakam hajviy xarakterlar yaratish bobida katta mahorat egasi ekanligini namoyish qiladi. XX asr o’zbek adabiyotida o’chmas iz qoldirgan Abdulla Qodiriy 1938 yilda qatag’on davrining qurboni bo’ldi.