ABDULLATIF

ABDULLATIF (1423 – 1450.8.5, Samarqand) — temuriylardan. Ulug’bekning o’g’li. Shohrux saroyida tarbiya olgan, harbiy yurishlarda qo’shinning o’ng qanotiga qo’mondonlik qilgan. Gavharshod begim va Tarxon amirlar Shohrux o’limidan so’ng (1447) Abdullatifni oliy bosh qo’mondonlikka tayinlab, uning amakivachchasi Alouddavlani taxtga o’tqazishgan. Bu qarordan norozi bo’lgan Abdullatif Alouddavlaga qarshi urush ochgan, lekin Nishopur yaqinidagi jangda (1447) yengilib, hibsga olingan. Ulug’bek farzandi hayotini saqlab qolish maqsadida Alouddavla bilan sulh tuzishga majbur bo’lgan. Unga ko’ra, Alouddavla Xuroson hukmdori deb tan olinib, Abdullatifga Balx ulusi berilgan. Abdullatif Ulug’bekning 1448 yil ilk bahoridan yozigacha Alouddavla va Abulqosim Boburga qarshi janglarida qatnashgan. So’ng, toj-taxtni egallash maqsadida otasiga qarshi Abulqosim Bobur bilan ittifoq tuzgan. Ulug’bek Abdullatifga qarshi qo’shin tortgan va Amudaryo bo’yida ikki tomon qo’shini 3 oy muqobil turgan (1449). Samarqandda qolgan beklar isyoni tufayli Ulug’bek poytaxtga qaytishga majbur bo’lgan, natijada Abdullatif Amudaryodan o’tib Termiz, Shahrisabzni egallagan. Samarqand yaqinidagi Dimishq qishlog’i yonida otasini yengib, taxtni egallagan (1449). Abdullatifning roziligi bilan Ulug’bek va ukasi — Abdulaziz Mirzo qatl etilgan. Abdullatif olti oylik hukmronligidan so’ng, Ulug’bekning xos navkarlaridan bobo Husayn Bahodir tomonidan o’ldirilgan (1450). Abdullatif o’jar, xudbin va shuhratparast bo’lsada, otasi Ulug’bek kabi ilm ahliga ixlosmand edi. U o’zi ham falakiyot va tarix ilmi bilan shug’ullanar, she’rlar bitardi.