ABDULLAYEV HABIB MUHAMEDOVICH (1912 — 1962)
Abdullayev Habib Muhamedovich tabiat va yer farzandi edi. U yerni ham dehqoncha mehr, ham olimona tuyg’u bilan sevardi. Shu sababli ulug’ olimimiz butun umrini yer ilmiga baxshida etdi. Bu yo’ldagi barcha mashaqqatlarni sabot bilan yengdi. Akademik Habib Abdullayev Oloy tog’lari etagida joylashgan xushmanzara qadimiy Aravon qishlog’ida (hozir shaharcha) o’zbek dehqoni — bog’boni oilasida dunyoga keldi. Ehtimol, qishloq atrofining ajoyib tabiati, uning uyi yaqinida katta konlardan birining topilganligi Habibning qalbida geologiya faniga qiziqish uyg’otgandir. Ana shu qiziqish uni O’rta Osiyo Industriya instituti (hozirgi Toshkent Davlat texnika universiteti) ning geologiya fakulteti sari yetakladi. O’rta Osiyoning tog’ toshlari, cho’l dashtlariga da’vat etdi, yer qa’rida necha million yillardan buyon yashirinib yotgan noyob qazilma boyliklami ilm kaliti bilan ochishga undadi. U o’zi yirik tadqiqotlar olib borishi bilan birga yosh avlodda, maktab o’quvchilarida ham geologiyaga qiziqish uyg’otishga intilardi. Bolalar gazetalarida yoshlarga murojaat etib, oldindan belgilangan va alpinistik safarlarda, sayohatlarda qazilma boylik konlarini qanday izlash kerakligi haqida soddagina tavsiyalar berardi. Faqat O’zbekistonda emas, balki umuman O’rta Osiyoda geologiya fani va amaliyotida erishilgan katta muvaffaqiyatlar Habib Muhamedovichning ilmiy faoliyati bilan uzviy bog’liqdir. Uning tashabbusi bilan O’zbekiston Fanlar Akademiyasining hozir uning nomi bilan ataladigan Geologiya instituti asosida 8 geologiyaning turli sohalari bo’yicha to’rtta ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Respublikamizning faxri hisoblangan Yadro fizikasi institutining tashkil etilishida ham Habib Muhamedovich fidokorlik ko’rsatdi. Urush yillarida bevosita Habib Muhamedovich ishtirokida O’zbekiston qora metallurgiyasining to’ng’ichi — Bekobod metallurgiya zavodi barpo etildi. Mamlakatimizning mineral xom ashyo bazasini tez sur’atlar bilan rivojlantirish, qazilma boylik konlarini izlash va ularni zudlik bilan ishga solishda Abdullayev o’zining salmoqli hissasini qo’shdi. U yerosti boyliklarining tarixan tashkil topishi va qaysi qatlamlarda qanday qazilma boyliklar yotishi mumkinligi haqidagi o’z nazariyasini yaratdi. Bu nazariyaga suyanib o’zbekistonlik va chet el geologlari ko’p yangi konlar ochdilar. Geologiya fani sohasida daho darajasiga ko’tarilgan olim Habib Muhamedovich fan yo’lida har qanday qiyinchiliklardan qo’rqmaydigan fidoyi edi. Ana shu fidoyilik tufayli u jahonga tanildi. Uning Fransiya geologlari jamiyati va Buyuk Britaniya qirollik mineralogiya jamiyatining a’zosi etib saylanganligi ham bejiz emas. Habib Abdullayev geologlaming chet ellarda o’tkazilgan bir qancha xalqaro kongresslarida faol qatnashgan. Asarlari xorijiy tillarga, jumladan, nemis, xitoy va boshqa tillarga tarjima qilingan. Habib Muhamedovich jamoat va davlat ishlarida ishlagan chog’larida ham, O’zbekiston Fanlar akademiyasiga rahbarlik qilganida ham geologiya sohasidagi tadqiqotlarini davom ettirdi. U geologiya sohasidagi ilmiy ishlari uchun respublikada birinchi bo’lib o’sha davrning eng nufuzli davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Olimning geologiya faniga qo’shgan hissasi 1970-yilda Beruniy nomidagi O’zbekiston davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Habib Abdullayev davlat va jamoat ishlari bilan band bo’lishiga qaramasdan, huzuriga kelgan shogirdlari bilan suhbatlashishni kanda qilmas, maslahatlar berar, ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish uchun vaqt topar edi. Abdullayev 130 dan ortiq ilmiy asar, shu jumladan 7ta monografiya yozdi. U o’zining o’lmas asarlari, g’oyalari bilan geologiya faniga ulkan hissa qo’shdi, ayni vaqtda O’zbekiston sha’nini baland ko’tardi. Habib Abdullayevning o’z farzandlariga murojaat etib aytgan gaplari ayni vaqtda respublikamizning barcha bolalariga aytilgandek tuyuladi: «Bolalarim, hamisha inoq bo’lib yashang, bir-biringizdan hech qachon hech nimani ayamang. Har qanday sharoitda ham bir-biringizni suyang, qo’llab-quvvatlang…. Men o’n ikki yasharligim dan mehnat qila boshlaganman. Mehnatsevar bo’ling, aziz bolajonlarim. Men o’zimning butun umrimni xalqimizga va fanimizga baxsh etdim. Sizlar ham, qayerda va qaysi lavozimda ishlashingizdan qat’i nazar, o’z hayotingizni, mehnatingizni xalqqa bag’ishlang. Halol xizmat qilib, jonajon yurtimizning munosib farzandlari bo’lib yetishing». Olimning hayoti va ilmiy hamda jamotchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida «Esdaliklar» chiqarilgan. O’zbek xalqi ulug’ olimning fanga qo’shgan hissasini munosib baholadi. Uning nomiga O’zbekiston FA Geologiya va geofizika instituti hamda Toshkent shahridagi katta ko’cha, Toshkent metrosi stansiyalaridan biri, maktab va boshqa ob’yektlar qo’yilgan, yodgorlik taxtasi o’rnatilgan, Toshkentning «Chig’atoy» qabristonidagi qabri ustiga marmar byusti o’rnatilgan. 1992-yil Habib Abdullayev nomida medal ta’sis etilgan. U tug’ilib o’sgan Aravon shaharchasida ham uy-muzeyi, uning nomida ko’cha va maktab bor.