Abdulloh ibn Mas’ud

Abdulloh ibn Mas’ud – to’liq ismi Abdulloh ibn Mas’ud ibn Rofi’ ibn Habib al-Xuzaliy (590-653, Madina)-sahoba, yetuk faqih va mujtahid. Muhammad (s.a.v.) xizmatlarida turgan. Shu sababli Qur’oni karimni hammadan yaxshi o’rgangan va hatto Muhammad (s.a.v.)ning o’zlari Abdulloh ibn Mas’uddan Qur’on eshitishni yoqtirgan va boshqalarni ham uning qiroatida o’qishga targ’ib qilganlar. Abdulloh ibn Mas’ud Muhammad (s.a.v.)dan juda ko’p hadis eshitgan va yod bilgan. Tafsir ilmining eng mohiri. Abdulloh ibn Mas’ud Qur’oni karimni Makkada kurayshlar orasida eng avval yoygan, Maqomi Ibrohimda “Rahmon” surasini ochiq-oshkor o’qigan. Badr, Uhud va boshqa janglarda qatnashgan. Hanafiy mazhabiga oid shar’iy hukmlarning ko’pchiligi Abdulloh ibn Mas’ud qarashlariga asoslangan. Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan so’ng Kufa xazinasining boshlig’i bo’lgan. Usmon (r.a.) davrida Madinaga kelib, shu yerda 63 yoshida vafot etgan.