Abdusaid Ko‘chimov (1951)

Abdusaid Ko‘chimov 1951 yili Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

«O‘qituvchi» nashriyotida musahhih, «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi») gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib va bosh muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida mas’ul kotib va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, radio qo‘mitasi, O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Prezident devonida, O‘zbekiston Davlat teleradiokompaniyasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Abdusaid Ko‘chimovning birinchi she’r va maqolalari matbuotda e’lon qilinganida u o‘rta maktab o‘quvchisi edi. Shundan buyon uning «Kashfiyotchi bolalar» (1978), «Mening O‘zbekistonim» (1979), «Toshburgut» (1981), «Mening yulduzim» (1984), «Chanoq» (1985), «Halqa (1987), «Ikki bahor» (1990), «Umid daraxtlari» (1992) kabi bir qator kitoblari chop etildi. U tabiatni e’zozlash mavzuidagi turkum publitsistik maqolalari uchun YuNESKO mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Halqa» kitobi uchun esa G‘afur G‘ulom mukofoti bilan taqdirlangan.

Abdusaid Ko‘chimov qardosh xalqlar adiblarining bir qator she’r va hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Tatar adibi M. Xarisovning «Qizil sayyoraga sayohat» sarguzasht qissasi uning tarjimasida alohida kitob holida chop etilgan.

Abdusaid Ko‘chimovning she’r, hikoya va qissalari rus, qozoq, ukrain, belorus, turkman, tojik va boshqa tillarga tarji-ma qilingan. Uning «Halqa» kitobi 1994 yili Xitoy Xalq Respublikasida uyg‘ur tilida nashr etilgan.