ABJAD

ABJAD — 1) qadimgi arab alifbosi tarkibidagi harflardan tuzilgan va har qaysi harfning son qiymatini eslab qolish uchun yasalgan sakkizta so’zning birinchisi va shartli umumiy nomi. Bu so’zlar: abjad, havvaz, hutti, kalaman, sa’ufas, qarashat, saxxaz, zazag’. Aslida Arab harflarining mazkur tartibi Finikiya va oromiy harflaridan kelib chiqqan bo’lib, ular muayyan sonlarni ifodalaydi. Finikiya-oromiy alifbosida 400 dan keyingi sonlarni ifoda qilish uchun tav (400) harfiga boshqa harflar qo’shilgan. Masala, tavqof (500), tavresh (600), tavshin (700), tavtav (800), tav-tavqof (900) va hokazo. Arablar esa mazkur sakkizta so’zning oldingi oltitasini 22 harfdan iborat finikiya-oromiy alifbosi asosida tuzib, harflarning son ifodalarini 1000 ga yetkazish uchun Finikiya-oromiy alifbosida bo’lmagan oltita Arab harflaridan Abjadning keyingi ikki so’zini (saxxaz, zazag’) yasaganlar. Harflarni sonlar bilan va sonlarni harflar bilan ifoda qilish Abjad va jimal hisobi ismlari bilan atalib, qadimiy vaqtlarda sonlarni, masalan, ko’paytirish jadvalini yodlashni osonlashtirgan. Bundan tashqari, Sharq, shu jumladan o’zbek mumtoz adabiyotida biror muhim hodisaning sanasini esda tutishni osonlashtirish uchun sonlar harflar bilan ifodalangan. O’zbek adabiyotida Abjaddan maxfiy yozuvlar yozishda ham foydalanilgan. O’zbek mumtoz adabiyotida Abjad hisobi 20 – asr boshlarigacha qo’llangan; 2) boshlang’ich, ilk ma’nosiga ham ega; 3) musiqada — Yaqin va O’rta Sharq musiqa ilmida tovush (parda, nag’ma) lar yozilishi va ularning nisbatlari aniqlanishida Abjad tizimidan foydalanilgan.