Abulqosim Hakim Samarqandiy
Abulqosim Hakim Samarqandiy – to’liq nomi Isxoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohom ibn Zayd (856-Samarqand-946) xanafiylik mazhabining ko’zga ko’ringan nazariyotchisi, hakim. Yoshligida ilm olish uchun Balxga borgan, u yerda Abu Bakr Varroq Termiziydan tariqat ta’limi olgan. U kalom, fiqh va tafsir ilmlarini chuqur o’rganib, o’sha davrning mashhur shayxlaridan hadis va rivoyatlar eshitgan. Manbalarga ko’ra, keyinchalik u Samarqandga kelgan, qozi lavozimida ishlagan va shu yerda vafot etgan. Allomalar somoniylar amiri Ismoil Somoniyga murojaat qilib, Movarounnahrda avj olgan turli mazhab va firqalarni keltirish uchun aqidalar majmui bo’lgan bir kitob yaratishni tavsiya etishgan. Amir kitob yozishni Abulqosim Hakim Samarqandiyga topshirgan. Shu tariqa “As-Savod ul-a’zam” (“Haq yo’lidagi jamoat”) kitobi vujudga kelgan. Abulqosim Hakim Samarqandiy o’ziga xos kalom maktabini yaratgan. U o’z asarida imonni yaratilmagan, ya’ni azaliy deb hisoblab, bu fikrga qo’shilmaganlarni bid’at ahli deb atagan. Abulqosim Hakim Samarqandiy hanafiy mazhabining asosiy aqidalarini himoya qilib, mazhabni tug’ilib kelayotgan aqliy dalillar vositasida qayta ko’rib chiqishga qarshi turgan, aqidaviy ixtilofga barham berish yo’li bilan Movaorunnahr musulmonlari o’rtasidagi fikriy yakdillikni saqlab qolmoqchi bo’lgan. U ahli sunna val-jamoa ta’limotining shakllanishiga muhim hissa qo’shgan.