ABZALOV Melis Oripovich kim bo’lgan?
ABZALOV Melis Oripovich (1938.18.11, Toshkent) — kinorejissyor va aktyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1987). Toshkent davlat san’at intitutini tugatgan (1961). 1961-62 yillar yosh tomoshabinlar teatrida aktyor. 1962-65 yillar «O’zbekfilm» kinostudiyasida rejissyor assistenti, keyinchalik rejissyor va aktyor, 1989 yildan «Vatan» kinostudiyasining badiiy rahbari. Abzalov ijodiga komediya janridagi filmlar yaqin bo’lib, ular o’ziga xos milliy bo’yoqlarga boyligi, xarakterlarning to’liq ochilganligi bilan ajralib turadi. Filmlarida yengil lirika o’tkir satirik epizodlar bilan uyg’unlashib ketadi. Abzalov aktyor sifatida Abdulla («Yettinchi o’q»), Olloyorboy («Inson qushlar ortidan boradi»), Eshon Zaynullo («Qo’qon voqeasi»), Qorashoh («Arslonning sarguzashtlari») va boshqa obrazlarni yaratgan. Rejissyor sifatida «Chinor ostidagi duel», «Suyunchi», «Kelinlar qo’zg’oloni», «Armon», «Maysaraning ishi», «Ko’zlarim yo’lingda», «O’tgan kunlar» kabi filmlarni ishlagan.




