ACHCHIQBODOM

ACHCHIQBODOM (Amygdalus bucharisa) — ra’nodoshlar oilasiga mansub kichkina daraxt yoki buta. Balandligi 1,5 metrga yaqin. Barglari nashtarsimon yoki tuxumsimon, bo’yi 3 — 4, eni 1,5 — 2 santimetr, bir yillik novdalarida bittadan, eski novdalarida g’uj-g’uj joylashgan. Gullari ikki jinsli, och binafsha rangli, bo’yi 14-19, eni 8-11 millimetr. Bodomning po’sti qalin tuk bilan qoplangan, bo’yi 20 — 38 millimetr. Mag’zi achchiq. Achchiqbodom mart — aprelda gullab, iyun — iyulda meva beradi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshksnt viloyatlarining dengiz sathidan 850 — 2500 metr balandlikdagi adir va tog’larida, tosh oralarida va sershag’al tuproqlarda o’sadi. Achchiqbodomdan shirin mag’izli bodom va shaftoli etishtirishda payvandtag sifatida va kam suv, shag’alli adir va tog’ qiyalarini daraxtzor va mevazorlashtirishda foydalaniladi. Mag’zida 50% moy va 2,5 — 4% gacha amigdalin glyukozidi bor, undan har xil dorilar tayyorlanadi. Achchiqbodom moyi yo’tal, istisqo, zotiljam va buyrak kasalliklariga davo. Mahalliy aholi Achchiqbodomning ildiz po’stidan matolarni sariq rangga bo’yashda va teri oshlashda foydalanadi.