ADABI USUL
ADABI USUL — xalq san’atkorlarining oilada, hamkasblar o’rtasida, jamiyatda o’zini tutishi bo’yicha og’zaki va yozma qoidalar. Adabi usul qoidalari sozanda, xonanda, suxanpardoz, masxaraboz, qiziqchi, qo’g’irchoqboz, dorboz, nayrangboz va boshqalarning risolalarida ma’lum darajada ifoda topgan. Ammo ko’pgina qoidalar avloddan avlodga og’zaki o’tib kelgan bo’lib, shogirdlarga (shogirdlik 10 yilgacha davom etgan) kasb o’rgatish jarayonida singdirilgan. Adabi usul san’atkor jamiyatning turli tabaqalariga (boyga ham, kambag’alga ham) xizmat qila olishi, o’z g’ururini yerga urmasligi, O’rda adabi, madrasa adabi, mehmonxona adabi (Yusufjon qiziq iboralari) ni bilishi, to’y egasi, sayilboshi berganiga ko’nishi, ortiqcha tama qilmasligi, har qanday sharoitga chidab, tomoshani lozim saviyada ko’rsatishi, ustozni hurmat qilishi, hamkasblar o’rtasida izzat-ikromni saqlay bilishi, to’ydan tushganlarni taqsim qilish chog’ida talashmasligi, nogiron, jismonan zaif kishilar ustidan kulmasligi, o’zini pokiza, ruhan tetik olib yurishi, hech kimsaga ozor bermasligi, qo’lidan kelganicha muhtojga yordam berish kabi qoidalarni o’z ichiga oladi. Og’zaki va yozma Adabi usul qoidalariga rioya qilish truppa rahbari (kalanpo, oqsoqol), san’atkorlar uyushmasi boshlig’i (mehtar) hamda hukumat vakili (g’olibboshi, mirshabboshi) tomonidan nazorat qilib turilgan. Adabi usul qoidalarini buzganlar to’dadan haydalish, jarima to’lash yo’li bilan jazolangan. Muhsin Qodirov.