ADABIY TIL

ADABIY TIL — muayyan umumxalq tilining qayta ishlangan va me’yorlashtirilgan, mazkur tilda so’zlashuvchi xalqning madaniy ehtiyojlariga xizmat qiluvchi shakli. «Qayta ishlangan» tushunchasi nisbiy (tarixan turli davrlarda, turli xalqlarda Adabiy til o’zgarib turgan). Hatto ayrim bir xalqqa ham Adabiy til turli davrda turlicha bo’lgan (masalan, qadimgi turkiy adabiy til, hozirgi o’zbek adabiy tili). Ba’zi davrlarda bir xalq uchun boshqa bir xalq tili Adabiy til vazifasini o’tagan. Masalan, fors va turkiylar uchun mumtoz Arab tili, yaponlar uchun mumtoz Xitoy tili; ba’zi Yevropa xalqlari uchun lotin tili va boshqalar. Adabiy til bo’lgan. Adabiy tilning ikki — og’zaki ham yozma ko’rinishi mavjud. Har qanday Adabiy til xalq og’zaki nutqi asosida shakllanib, shu xalq tiliga xos shevalarni umumlashtiradi va barcha sheva vakillari uchun tushunarli shakl oladi. Rivojlangan Adabiy tilsiz boy madaniyatga ega xalq bo’lishi mumkin emas. Shu ma’noda Adabiy til jamiyatning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Adabiy til deganda ba’zan uni turli ko’rinishlari bilan qorishtirib yuboradilar. Xususan, yozma Adabiy til va og’zaki Adabiy til hamda badiiy adabiyot tili bilan Adabiy tilni ayni bir deb bo’lmaydi. Adabiy til o’z mezonlarini egallagan shu tilda so’zlashuvchilar barchasi uchun birdek. U ham yozma, ham og’zaki shakllarda amalda qo’llanadi. Badiiy asar (yozuvchi) tili ham Adabiy til me’yorlariga bo’ysunsada, ko’plab xususiylik hamda umum e’tirof etmagan jihatlarni o’zida mujassamlashtiradi. Turli xalqlarda hamma davrlarda ham Adabiy til bilan badiiy asar tili bir taxlitda bo’lmagan. Adabiy til bilan milliy til o’rtasida ham farq bor. Milliy til shu tilning egasi bo’lgan xalq millat bo’lib shakllanganda yuzaga keladi. Milliy til Adabiy til vazifasini o’taydi, lekin har qanday Adabiy til darhol milliy tilga aylana olmaydi. Adabiy til bilan shevalar o’rtasidagi munosabat alohida muammoni tashkil etadi. Shevalar tarixan qanchalik barqaror bo’lsa, Adabiy til uchun shevalarning vakillarini lingvistik nuqtai nazardan umumlashtirish shunchalik murakkablashadi. Hozirgi kunda ko’pgina mamlakatlar (masalan, Italiya, Indoneziya va boshqalar) da shevalar Adabiy til bilan teng suratda qo’llanmoqda. Adabiy til tushunchasi odatda til uslublari tushunchasi bilan bog’lanadi. Ammo bu bog’lanish bir tomonlama. Chunki til uslubiyatlarining o’zi Adabiy til ko’rinishlari hisoblanadi. Ular tarixan shakllangan, muayyan belgilar majmuidan iborat bo’ladi. Mazkur belgilarning bir qismi boshqa uslublarda takrorlanishi mumkin. Lekin, bu takroriy belgilarning ma’lum shaklda birikishi va vazifasining o’ziga xosligi bir uslubning ikkinchi uslubdan farqini belgilaydi. O’zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi (1989) o’zbek Adabiy til rivojini ta’minlovchi muhim voqea bo’ldi. O’zbek Adabiy tili turli xalqlar Adabiy tili rivojlanish tajribasi asosida yanada takomillashib bormoqda.