ADILAK
ADILAK (Arabcha, adl — tekis, to’g’ri, AK — kichraytish qo’shimchasi) — yuzaning tekis-notekisligini aniqlaydigan asbob. Qalamdon shaklidagi taxtachaga o’rnatilgan, ichiga spirt yoki efir to’ldirilib, havo pufakchasi yuradigan shisha naycha. Agar yuza tep-tekis bo’lsa, Adilakdagi havo pufakchasi naycha o’rtasida to’xtaydi. Adilakni duradgor ustalar, toshtaroshlar ishlatadilar. Bu asbob «shayton» deb ham yuritiladi. Taxtachadan uchburchak shaklida yasalgan Adilak vaterpas deb ataladi. Vaterpas tik ustunchali chizg’ich; unga shoqul osilgan. Tekshirilayotgan sirt gorizontal bo’lsa, shoqul chizg’ichdagi o’yiq o’rtasida to’xtaydi. Adilak astronomiya, geodeziya va fizika asboblarining muhim qismi hisoblanadi. Astronomiya Adilaki bilan burchaklarni ham o’lchash mumkin. Mashinasozlikda chilangarlik va ramali Adilaklar ishlatiladi. Chilangarlik Adilaki korpus va unga mahkamlangan shkalali shisha naychadan iborat. U tekshiriladigan sirtning korpus asosiga nisbatan qancha og’ganligini ko’rsatadi. Ramali Adilak burchaklari aniq yasalgan to’rt burchakli ramadir. Uni gorizontal (yotiq) va vertikal (tik) sirtlarga o’rnatib ishlatiladi.