AERONOMIYA

AERONOMIYA (Aero… va Yunoncha nomos — qonun) — ATM.ning yuqori qatlamlarini o’rganuvchi fan. Aeronomiyadagi ilmiy tadqiqot usullari: raketalar va sun’iy yo’ldoshlar yordamida ATM.ni zondlash, radioto’lqinlarning tarqalishini kuzatish, spektral analiz (tahlil). Yuqori ATM. dengiz sathidan bir necha o’n kilometrdan boshlanib, yerning bir necha radiusichalik balandlikkacha davom etadi. Pastki ATM. bilan yuqori ATM. orasida aniq chegara yo’q. Yuqori ATM.da Quyosh nurlari ta’sirida dissosiasiya va ionizatsiya jarayonlari sodir bo’ladi. 400-500 kilometr balandlikdan boshlab ATM. kislorod va azot atomlaridan iborat. Yuqori ATM.ning 50-70 kilometr balandlikdagi qismi isigan sohalardan tovushning qaytishini tekshirish yo’li bilan, 80 kilometr balandlikkacha qismi kumushsimon bulutlar harakatini kuzatish yo’li bilan, 1000 kilometrgacha qismi qutb shafaklarini o’rganish yo’li bilan, bir necha ming kilometr balandlikdagi qismi chaqmoqlarning radioto’lqinlar tarqalishiga ta’sirini aniqlash yo’li bilan o’rganiladi. Aeronomik masalalarni hal etishda spektral tahlil (analiz) muhim vosita hisoblanadi. Yerning sun’iy yo’ldoshlari va raketalar yordamida olingan ma’lumotlar yuqori atmosferada kuchli ionlashgan qatlamlar yo’qligini ko’rsatdi.