AFRIKA
Hammayoq cho’l-u biyobon. Goho sarg’ish va upaday yengil qumlardan, goho nuragan kulrang toshloqdan o’tasiz. G’uborli osmon, jazirama issiq. Na suv, na ko’kat bor. Bu—Afrikaning cho’l qismi, u qit’a hududining 4/5 qismini egallagan… Qalin tropik o’rmon, uning orasida faqat bolta bilan yo’l ochib yurish mumkin. Daraxtlar, butalar, chirmoviqlar; qalin va sernam yaproqlar; nihoyatda rang-barang va xushbo’y gullar; qushlari gulga, kapalaklari qushga o’xshaydi. Yorug’lik kam tushganidan bu yerda hamisha g’ira-shira va nam garchilik. Chirildoqlar galasi bor ovozda chirillaydi, yirtqich hayvonlarning na’rasi va maymunlarning chiyillashi eshitilib turadi. Bu yerda ko’katlar yil bo’yi barq urib o’sadi. Bu ham Afrika. Dasht desangiz dasht emas. O’t bosgan tekislikda qizg’ish va qo’ng’ir qoyatoshlar, ular betini yumshoq chim qoplagan. Uzoqda jingalak chakalakzorlar ko’rinadi, yaqinroq kelib qarasangiz — chakalakzorlar emas, balki past bo’yli ulkan baobab daraxti ekan. Bu — Afrika savannasining manzarasi. Afrikada savanna bilan cho’llar jami maydonning 80%ini egallagan. Afrika — Yer yuzasidagi oltita materikdan biri. Kattaligi jihatidan Yevrosiyodan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Maydoni orollari bilan birga 30,3 million kvadrat kilometr. Afrikaning ko’p qismi tropik kengliklarda joylashgan. Afrika shimoldan janubga tomon 8 ming kilometrga cho’zilgan. G’arbiy sohilidan sharqiy sohiligacha bo’lgan masofa sal kamroq. Afrikani ikki okean — Atlantika va Hind okeanlari, ikki dengiz — O’rta va Qizil dengizlar o’rab turadi. Unda Nil, Niger, Kongo, Zambezi, Oranj, Limpopo kabi yirik daryolar oqadi. Afrikada Chad, Viktoriya, Nyasa, Tanganika kabi katta ko’llar ham bor. Afrikaning qirg’oqlari ancha tekis. Eng katta yarim oroli — Somali, eng yirik qo’ltig’i — Gvineya. Dengiz sathidan o’rtacha balandligi 750 metr. Eng baland joyi — Kilimanjaro vulkani (5895 metr), u Afrikaning eng baland joyi hisoblanadi. Afrikada ekvatorial iqlimli zonasidan shimol va janubga tomon subekvatorial, tropik va subekvatorial iqlim zonalari joylashgan. Yozda o’rtacha temperatura 30° gacha, yilning salqin mavsumida esa 25° issiq bo’ladi, faqat tog’lardagina temperatura 0° gacha tushadi. Afrika yeri konlarga boy. Sahroi Kabirning g’arbiy va shimoliy qismida fosforitlar, neft, tabiiy gaz zaxiralari topilgan. Afrika markazidagi Kongo havzasida mashhur mis konlari va uran shaxtalari bor. Janubi kobalt, berill, litiy, oltin va olmosga boy. Kokos va m oyli palm a mevalari, qimmatbaho qizil va qora daraxtlar, po’kak va kauchuk daraxtlari — bularning hammasi Afrika sahiy tabiatining insonga in’omidir. Afrikaning unumdor yerida какао, kofe, banan, ananas, apelsin, mango yetishtiriladi. Afrikada noyob yovvoyi hayvonlardan fil, karkidon, begemot, zebra, kiyik, arslon, gepard, leopard kabilarni saqlab qolish uchun qo’riqxonalar tashkil etilgan. Chaqadigan setse pashshasi odamlarga va chorvachilikka ancha zarar keltiradi. Afrika xalqlari mehnatsevar, yerlari unumdor va tabiati boy. Bu odamlarga baxt keltirishi lozim edi, biroq aksi bo’ldi. Bunga mustamlakachilar sababchidir. 15-asrda dengiz sayyohlarining izidan u yerga savdogar, tablig’ (missioner)lar va qalloblar galasi yopirildi. Butun materikni tarixda misli ko’rilmagan talon-taroj qilish boshlandi. Afrikaga mustamlakachilar kelguncha u yerda yirik davlatlar bo’lgan, san’at va hunarmandchilik rivojlangan. Mustamlakachilar mag’rur va iste’dodli xalqlarni bo’ysundirdilar. Kelgindilar afrikaliklarning kuchidan foydalanib, o’zlari uchun shaharlar va yo’llar, shaxta va dengiz portlari qurdilar, bu yerning tabiiy boyliklarini o‘z mamlakatlariga tashib ketdilar. Ammo Afrika xalqlari bosqinchilarga qarshi kurashni to’xtatmadi va, nihoyat, ozodlik kunlariga yetib keldi — endilikda deyarli butun Afrika mustaqillikka erishgan. Hozir Afrika materigi va unga yondosh orollarda 53 ta davlat bor. Aholisi 700 millionga yaqin. Afrikaning ko‘pgina rivojlanayotgan yosh davlatlari yangicha hayot barpo etishga kirishdi. Afrika Yer yuzida eng qadimgi madaniyat markazlaridan biri. Bundan 4 — 5 ming yillar avval barpo etilgan Misr ehromlari buning dalilidir.