AGAMALAR

AGAMALAR (Agama) — agamasimonlar oilasiga mansub kaltakesaklar urug’i. Tanasi yassi, boshi uchburchak shaklda, dumi tsilindrsimon yoki ikki yondan bir oz siqilgan. Tanasi xilma-xil rangda, ayniqsa erkaklari rang-barang bo’ladi. Agamalarning 70 ga yaqin turi ma’lum. Afrika, Janubiy-G’arbiy va Markaziy Osiyoning ochiq dasht, cho’l va Toshloq tog’li hududlarida tarqalgan. Ayrim turlari Janubiy-Sharqiy Yevropada ham uchraydi. O’zbekistonning daryo vodiylari va cho’llarida cho’l agamasi, ya’ni kunqarg’ar (Agama sangyinalenta), tog’li hududlarida Turkiston agamasi, ya’ni toshkaltakesak (Agama lohmanni), Kavkaz agamasi (Agama caucasia), Himolay agamasi (Agama nimalayana), Pavlovskiy agamasi (Agama pawlowskii) tarqalgan. Agamalar har xil hasharotlar, o’rgimchaksimonlar, ko’poyoqlilar va mayda kaltakesaklar, shuningdek yashil o’simliklarning guli, barglari va mevasi bilan oziqlanadi.