AHMEDOV SOLI

AHMEDOV SOLI (1907.15.7, Farg’ona viloyati Beshariq qishlog’i) — aktyor va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1964). Farg’ona teatri tashkilotchilaridan. Farg’ona xotin-qizlar klubida tuzilgan yarim professional truppada rejissyor. (1929). Farg’ona teatrida aktyor va rejissyor. (1931-46, bosh rejissyor. 1955-67), Qo’qon teatrining bosh rejissyori (1946-55). Qahramonlarning ichki dunyosi, xatti-harakati va kechinmalarini ishonarli ifodalash Ahmedov ijodiga xos. Asosiy rollari: G’ulom («Nomus va muhabbat»), Rustam («Rustam»), G’ofir («Boy ila xizmatchi»), Mavlon («Shohi so’zana»), Majididdin («Alisher Navoiy»), General Rahimov («General Rahimov») va boshqalar. Sahnalashtirgan asosiy spektakllari: «Farhod va Shirin» (Xurshid), «Maysaraning ishi», «Xolisxon», «Boy ila xizmatchi» (Hamza), «Hamza», «Muqimiy» (S. Abdulla) va boshqalar.