AHOLI XARITALARI
AHOLI XARITALARI – aholining joylanishi va aholini joylashtirish, uning tarkibi va qayta tiklanishi, aholini ko’chirish va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarni ko’rsatadigan xaritalar. Aholi xaritalari hududni iqtisodiy geografik baholash, xalq xo’jaligini rejalashtirish, ijtimoiy xizmat va madaniy qurilish masalalarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aholi xaritalarini tuzishda har xil xaritagrafik usullardan: belgilar, xaritadiagramma, xaritagramma, chiziqli belgilar (epyuralar), nuqtalar, areallar va boshqalardan foydalaniladi. Aholi xaritalari mazmuniga ko’ra aholining joylanishi va uni joylashtirish xaritalariga, demografik, etnografik-antropologik va ijtimoiy-iqtisodiy xaritalarga bo’linadi. O’zbekiston aholisi 1980 yilda O’zbekistonning o’quv-o’lkashunoslik atlasida, 1985 yilda 2 jildli O’zbekistonning ilmiy-ma’lumotnomali atlasida o’z ifodasini topgan. Toshkentning 2000 yilligiga bag’ishlab nashr etilgan maxsus geografik atlasda Aholi xaritalari berildi. 1992 yil O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Geografiya bo’limi 1:1 mln. masshtabli O’zbekiston aholisining milliy tarkibi xaritasini nashr etdi.