Ajdodlarga sig’inish
Ajdodlarga sig’inish-patriarxal ekzogam urug’larida shakllangan oila-urug’ e’tiqodlarining bir qismi. Ajdodlarga sig’inishda urug’ oqsoqollari va patriarxal oilalarning boshliqlari asosiy rol o’ynagan. Ajdodlarga sig’inishning turli shakllari mavjud bo’lgan. Ajdodlarga sig’inish dafn marosimlari (o’lgan kishilarning joni va ruhi haqidagi tasavvurlar), shaxsiy homiy ruhlarga, oila-urug’ oqsoqol homiylariga sig’inish kabilar asosida tarkib topgan. Ajdodlarga sig’inishda ajdodlarning ruhlari kuchli bo’lgani sababli, urug’ning farovonligi shu ruhlarga bog’liq degan tasavvur katta ahamiyat kasb etgan. Bu tasavvurlar obro’-e’tiborligi urug’ oqsoqoli timsolini qabila xudosi darajasiga ko’tarish uchun g’oyaviy asos bo’lib xizmat qilgan. Hozir ham arvohlarni eslash, arvohlarga sig’inib ulardan madad so’rash, ular uchun xudoyi qilish, is chiqarish kabi shakllarda namoyon bo’ladi.