AJMER
AJMER, Ajmir — Hindistonning Rajastxan shtatidagi shahar. Aravali tog’ida, 900 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 402 ming kishi (1991). Transport yo’llari tuguni. To’qimachilik sanoati markazi. Ipgazlama, shoyi va trikotaj fabrikalari, mashinasozlik korxonalari, temir yo’l ustaxonalari bor. Badiiy hunarmandchilik (shoyiga gul tikish, to’r tuqish) rivojlangan. Mamlakatning asosiy diniy markazlaridan. Ajmer 12-asr boshlarida vujudga kelgan va Chauxanlar davlatining poytaxti bo’lgan. 1192 yildan Muhammad g’uriyga qarashli, keyinroq Dehli sultonlari tasarrufiga o’tgan. 1556 yildan Boburiylar hukmronligida bo’lgan. 1818 yilda inglizlar bosib olgan. 1947 yildan mustaqil Hindiston tarkibida. Ajmerda 12-asrda qurilgan masjid, 16-asrda solingan qal’a va saroylar saqlangan.