AKADEMIK
AKADEMIK — ayrim mamlakatlarda yuksak ilmiy unvon. O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va O’zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasida Akademiklar saylanadi. Akademiklik unvoni O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi ba va boshqa ilmiy hamda o’quv muassasalarining olim va ijodkorlari, shuningdek ayrim shaxslarga beriladi. O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasida Akademiklar ilm-fanni jahon andozalari talablari darajasida yuksak ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan ilmiy ishlar bilan boyitgan, ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan maktab yaratgan, ilmiy yutuqlari mamlakatning intellektual va iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirishga javob beradigan, yoshi 65 dan oshmagan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan fan Doktorlaridan saylanadi. Fanlar Akademiyasi akademigi ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etadi; tadqiqotlarning istiqbolli va ilg’or yo’nalishlarini shakllantiradi va fanning o’zi saylangan sohasining yuksak ilmiy darajasi uchun mas’uddir; yuqori malakali ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlash ishlarida, ilg’or ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda bevosita ishtirok etadi; ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda shaxsan erishgan yutuqlari, ilmiy asarlarini o’z ichiga olgan ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyati haqidagi yillik hisobotni hamda o’zi saylangan fan sohasini rivojlantirishga oid taklif va tavsiyalarni har yilda Fanlar Akademiyasiga taqdim etadi; Fanlar Akademiyasi hay’ati, Fanlar Akademiyasi prezidenti, vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibning topshiriqlarini bajaradi, Fanlar Akademiyasining umumiy Majlisi ishida faol qatnashadi. Akademiklar Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalarida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish, Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalarida tanlovdan o’tmasdan ilmiy lavozimlarni egallash, o’zining ilmiy asarlarini nashr etish, Fanlar Akademiyasi umumiy Majlisi va hay’atida ko’rib chiqish uchun ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalarni kiritish va ularning muhokamasida ishtirok etish, belgilangan tartibda Akademiklikka nomzodlar ko’rsatish, vitse-prezidentlar huzuridagi ilmiy kengashlar faoliyatida, ular fanning qaysi yo’nalishiga taalluqli ekanligidan qat’i nazar, ishtirok etish, vitse-prezidentlar huzurida ilm-fanning dolzarb yo’nalishlari bo’yicha muayyan ilmiy kengashlar tuzish haqida takliflar kiritish huquqiga egadirlar. Fanlar Akademiyasi Akademiklari akademiklik unvoni uchun har oyda belgilangan gonorar oladilar va belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar. Akademiklikka saylovlar Fanlar Akademiyasining Umumiy Majlisi qaroriga muvofiq ochiq yoki yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Ovoz berishda qatnashgan Umumiy Majlis a’zolarining kamida 2/3 qismi ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadilar. Ixtisosliklar bo’yicha Akademiklikka nomzodlar ko’rsatish huquqi Akademiklar, ilmiy tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari ilmiy Kengashlariga beriladi. Fanlar Akademiyasida akademiyaning xorijiy a’zosi unvoni ham mavjud. Fanlar Akademiyasining xorijiy a’zolari ilmiy yutuqlari jahon va mamlakat ilm-fani, O’zbekiston Respublikasi xalq xo’jaligi va madaniyati rivojiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan, xalqaro hamkorlikka, tinchlik, barqarorlik ishiga va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qo’shgan xorijiy fuqarolardan saylanadi. Fanlar Akademiyasining xorijiy a’zolari Hay’atning taqdimnomasiga binoan Fanlar Akademiyasining umumiy majlisida ochiq ovoz berish yo’li bilan saylanadi. Fanlar Akademiyasining xorijiy a’zolari Akademiklarga tegishli barcha huquqlardan foydalanadilar. Akademiyaning rahbariyatiga saylanish, Akademiklarni saylashda ovoz berish, Akademiklik unvoni uchun gonorar olish bundan mustasno. O’zbekiston Respublikasi BAda Akademiklar milliy, tasviriy, amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik sohalarini yirik asarlari bilan boyitgan va o’z ijodi, ilmiy, pedagogik faoliyati bilan soha taraqqiyoti uchun ulkan hissa qo’shayotgan, o’zbek madaniyati va san’atining kelajagi uchun munosib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda katta yutuklarga erishgan, yoshi 65 dan oshmagan ijodkorlardan saylanadi. Ba haqiqiy a’zosi akademiya raisi, boshqaruv kengashi va tegishli Akademik bo’limlarning qaror, buyruq, topshiriqlarini bajarishi, san’atni yuksak, yorqin ijodiy va ilmiy yutuqlar hamda kashfiyotlar bilan boyitishi, san’at yoki san’atshunoslik sohasining har tomonlama rivojlanishi uchun shaxsiy javobgarlikni o’z zimmasiga olishi, san’at va san’atshunoslik sohalariga tegishli mutaxassislarni tayyorlashda bevosita qatnashishi lozim. Ba a’zolari akademiya tarkibida yaratilgan sharoitlardan foydalangan holda ijodiy, ilmiy asarlar ustida ishlash, akademiyaning ijodiy, ilmiy, o’quv muassasalaridagi mavjud ilmiy lavozimlarni tanlovda ishtirok etmagan holda egallash, ijodiy, ilmiy asarlarini taqdim etish, chop ettirish, akademiya boshqaruv Kengashiga ijodiy, ilmiy, tashkiliy masalalar, takliflar bilan murojaat qilish va muxrkamada ishtirok etish huquqiga egadirlar. Akademiklikka saylovlar badiiy ijodkorlar uyushmasi Majlisi va akademiyaning boshqaruv kengashida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Ovoz berishda katnashgan haqiqiy a’zolarning kamida 50% ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadilar. Ovoz berishda boshqaruv kengashi a’zolarining 2/3 qismi qatnashishi shart. Nomzodlarni davlat, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar, madaniyat va san’at sohasidagi oliy o’quv yurtlari ko’rsatishi mumkin. Bada akademiyaning faxriy va xorijiy a’zosi unvonlari ham mavjud. Baning faxriy a’zosi etib Vatan va jahon madaniyati, san’ati oldidagi xizmatlari uchun yoshi 65 dan oshgan soha namoyandalari saylanishi mumkin. Baning xorijiy a’zosi jahon madaniyati, san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan xorijiy arboblardan saylanadi. Akademiyaning dastlabki haqiqiy, faxriy va xorijiy a’zolari badiiy ijodkorlar uyushmasi Majlisi tavsiyalari asosida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
AKADEMIK (sifat) — 1) akademiyaning ilmiy muassasa yoki oliy hamda o’rta maxsus o’quv yurti ma’nosidagi tushunchalariga taalluqlikni bildiradi; masalan, akademik nashr, akademik litsey, Akademik yil, Akademik soat.