AKKOMODATSIYA

AKKOMODATSIYA (lotincha accomodatio moslashuv) — ko’zning turli masofadagi narsalarni ochiq-ravshan ko’rishga moslashuvi. Yaqin va uzoq, masofadagi narsalar aksi to’ppa-to’g’ri ko’z to’r pardasiga tushishi uchun ko’z gavhari qavariq yoki yalpoq bo’lishi kerak. Yaqindagi narsalarga qaragan paytda ko’z gavhari sharga o’xshash qavariqshaklga, uzoqdagi narsalarga qaraganda esa cho’zilib, tekis yuzali shaklga kiradi. Bu jarayonda ko’zdagi kipriksimon tana, ko’z gavhari va ularni bir-biriga bog’lab turgan juda ko’p noziq naychalar, rangdor parda hamda ko’z qorachig’i faol qatnashadi. Ana shu xususiyatlar tufayli sog’lom ko’z hamma vaqt ravshan ko’radi. Yosh ulg’aygan sari ko’z gavharining elastikligi o’zgaradi va odam taxm. 60-65 yoshida ko’zining moslashish qobiliyatini yo’qota boshlaydi.