ALBATROSSIMONLAR

ALBATROSSIMONLAR (Diomedeidae) — Bo’ronqushlar turkumining bir oilasi. Tanasining uzunligi 85-140 santimetr, qanotlari ingichka, yoyilganda 3,6 metrga yetadi. Havoda qanot qoqmasdan uzoq vaqt ucha oladi, suvda yaxshi suzadi. Havoga to’lqinlar cho’qqisidan yoki qiyadan ko’tariladi. Janubiy yarim shar dengizlarida tarqalgan, ayrim turlari tinch okeanining shimoliy qismiga (uzoq Sharq dengizlariga) ham o’tadi. Albatrossimonlar monogam, gala-gala bo’lib uchib yuradi. Ko’payish davrida koloniya hosil qiladi. Okeanlarning odam yashamaydigan orollarida uya quradi, uyaga bittadan tuxum qo’yadi. Albatrossimonlar 5-10 yoshda voyaga yetadi. Baliq, boshoyoqli mollyuskalar bilan oziqlanadi. Albatrossimonlarning 2 uruqqa mansub bo’lgan 13 turi ma’lum. Oq yelkali Albatrossimonlar (Diomedea albatrus) xalqaro qizil kitobga kiritilgan.