ALBERTA

ALBERTA — Kanada Janubi- g’arbidagi provintsiya. Maydoni 661,2 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,5 million kishi, shahar aholisi 70% (1991). Ma’muriy markazi — Edmonton shahri. Albertaning katta qismi yassi va to’lqinsimon baland tekislik (balandligi 1000 metrgacha) dan iborat. Janubiy – g’arbi — qoyali tog’lar. O’rmon-dasht va dasht o’simliklari o’sadi. Shimoliy-g’arbi — igna bargli o’rmonlar. Xo’jaligida yirik fermalarning salmog’i katta. Alberta Kanadada yetishtiriladigan bug’doy, suli, arpa va qand lavlagining ancha qismini beradi. Kanadada chiqariladigan neft, gaz va ko’mirning ham ko’p qismi Albertadan qazib olinadi. Ko’mir konlari (zaxirasi 228 million tonna) dan 19-asr o’rtalaridan boshlab foydalaniladi. Eng katta neft konlari: Pembina, Reduoter, Ledyuk-Vudbend; gaz konlari asosan Janubda. Neft haydash va neft kimyosi sanoati rivojlangan. Ishlab beruvchi sanoat tarmoqlaridan oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari: Edmonton, Kalgari, Medisin-Xat. Albertaning Markaziy va Janubiy qismida Kanadani kesib o’tadigan 2 temir yo’l bor. Edmonton — Ferbenks avtostradasi Albertani Alyaska bilan bog’laydi. Albertadan Kanadaning Vankuver, Toronto, Monreal shaharlariga va AQSh ga neft va gaz quvurlari o’tkazilgan.