ALEKSANDR (miloddan avvalgi 356— 323-yillar)

Bu shaxs buyuk sarkarda va Qadimgi Sharqning ko’pgina davlatlarini o’ziga bo’ysundirgan istilochidir. Aleksandr (Iskandar Maqduniy) Sharq mamlakatlarida Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur. Bolaligidayoq u otasi — Makedoniya podshosi Filipp va saroy ahli ko’z oldida asov otni jilovlagan. Hamma Aleksandrning chaqqonligi va dovyurakligiga qoyil qolgan. Shunda podsho Filipp uni bag’riga bosib: “O’g’lim, Makedoniya senga torlik qiladi, o’zingga monand saltanat izla”, — deydi. Tabiat Aleksandrga ko’p narsani — aql-idrok va jasoratni in’om etgan edi. Leonid ismli o’z amakisi shahzodani jasur jangchi qilib tarbiyalaydi. Aleksandr chidamli, kuchli, ovqatlanishda sabr-qanoatli bo’lib o’sadi. Qadimgi mashhur olim Aristotel Aleksandrning ustozi bo’lgan. U shahzoda bilan olam va tabiat, inson va davlat to’g’risida suhbat qurardi. Jangovar yurishlarda Aleksandrga olimlar hamroh bo’lishardi. Biroq boshqa har qanday istilochi kabi, Aleksandr ham o’zining qadami yetgan joylarga avvalo vayronalik va qirg’in olib kelardi. Aleksandr ko’plab xalqlar va podsholiklarni o’ziga qaram qilgan qudratli forslar davlatini bo’ysundirdi. Unga Misr, Bobil kabi yunonlarga ma’lum va mashhur bo’lgan ko’p mamlakatlar tobe bo’lib qoldi. Aleksandr 329-yilda Turonga yurish qilib, uning katta hududini istilo qildi. Lekin bu yerda uning qo’shini boshqa bosib olingan mamlakatlarga qaraganda mahalliy aholining eng kuchli qarshiligiga uchradi. Unga qarshi bir qancha m illiy ozodlik xalq qo’zg’olonlari ko’tarildi. Tarixda Spitamen boshchiligidagi qo’zg’olon ayniqsa mashhur. Aleksandr bu qo’zg’olonlarni juda katta qiyinchiliklar bilan bostirgan, bu orada u bir necha marta yarador ham bo’lgan. Istilochi butun alamini tinch aholidan olib, Zarafshon vohasida 120 ming kishini qatliom etgan. O’rta Osiyoda Aleksandr yurishi bilan bog’liq bir qancha joy nomlari bor. Turonlik go’zal Ravshanak Aleksandrning suyukli xotini bo’lgan. Aleksandr Turon yurishidan so’ng nihoyatda boy va sirli o’lka bo’lgan Hindistonni ham tobe etishni istardi. Hind vodiysiga yurish qilib, bir qancha g’alabaga erishadi. Biroq o’n yillardan beri davom etayotgan yurishlardan charchagan uning qo’shini Gang sohillariga borishdan bosh tortdi va Aleksandr ularga quloq solishga majbur bo’ldi. Safardan qaytib kelgach, ko’p vaqt o’tmay Aleksandr vafot etdi. Uning ulkan davlati tezda parchalanib ketdi, chunki bu davlat qo’shinlar kuchi bilangina ushlab turilardi. Biroq Aleksandr zabt etgan yo’llar izsiz yo’qolmadi. Ulardan savdo karvonlari o’ta boshladi. Yunonlar va Qadimgi Sharq xalqlarining boy madaniyati bir-biri bilan qo’shilib, ilgarigidan farq qiladigan ellinizm madaniyati yuzaga keldi.