ALBANIYA (Albaniya Respublikasi)

Maydoni – 28700 kvadrat kilometr. Aholisi – 3400000 kishi. Bu kichik mamlakat Yevropaning janubida joylashgan. Ko’p qismi tog’ tizmalari vayassi tog’liklardan iborat. Tog’larda keng bargli va eman qoraqayin o’rmonlar anchagina. Tog’ daralaridan sharillab oqib chiqqan daryolar dengizga quyiladi. Adriatika dengizining sohili bo’ylab 150 kilometrga cho’zilgan serunum tekislik bor, uning eni 15 kilometrdan 35 kilometrgacha. Daryolar shu tekislikni kesib o’tadi. Tekislikning iqlimi yumshoq. Tog’li joylarning iqlimi sovuqroq. Mamlakat tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, miloddan avvalgi 2-asrda hozirgi Albaniya hududini Rim bosib olgan, milodiy 4-asrdan 14-asrgacha Vizantiya tarkibiga kirgan, keyinchalik uning ayrim qismlari bolgar va serb zamindorlari qo’l ostida bo’lgan. 14-asrning oxirlaridan uni Usmoniy turklar zabt etdi. 15 -asr o’rtalaridan Iskandarbek boshchiligidagi umumxalq qo’zg’oloni bo’lganligi ma’lum. Nihoyat, 1912-yildagina Albaniya mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1928-yilda u Italiya mustamlakasiga aylandi. 1943— 44-yillarda nemis fashistlari zulmi ostida bo’ldi. 2-jahon urushidan so’ng, 1946-yilda Xalq Respublikasi deb e’lon qilindi. 1991-yilda tasdiqlangan konstitutsiyaga muvofiq Albaniya parlamenti respublika deb ataladi. Mamlakat iqtisodiyotida to’qimachilik, metallsozlik, yog’ochsozlik, energetika kabi sanoat tarmoqlari mavjud; oziq-ovqat, neft qazib chiqarish va konchilik sanoati rivojlangan. Albaniya xalq xo’jaligining asosiy tarmog’i qishloq xo’jaligidir. Mamlakat hududining bir qism igina serunum yerlar bo’lganidan albanlar botqoq yerlarni quritib, ekinzorga aylantiradilar va tog ‘ yonbag’irlarida bog’lar yaratadilar. Dehqonlar makkajo’xori, bug’doy, sholi, arpa, suli, kartoshka, sabzavot, dukkaklilar, apelsin, limon, uzum, tamaki, paxta, qandlavlagi yetishtiradilar. Tokchilik, zaytun va sitrus mevalar yetishtirish rivojlangan. Albanlar sigir, ot, xachir, eshak, buyvol, cho’chqa, echki, qo’y boqishadi. Albaniya poytaxti — Tirana — mamlakatning sanoat va madaniyat markazi. Bu yerda to’qimachilik kombinati, mexanika zavodi, mebel va poyabzal fabrikalari, oyna, chinni va boshqa zavodlar qurilgan. Bolalar uchun majburiy ta’lim joriy etilgan. Universitet tashkil etildi, kinostudiya barpo bo’ldi, teatr va kinoteatrlar qurildi. Albaniya bilan O’zbekiston Respublikasi o’rtasida diplomatiya munosabatlari 1993-yilda o’rnatilgan.