ALLELLAR

ALLELLAR (Yunoncha allelon — bir-birini o’zaro), allelomorflar, allel genlar — bir genning gomologik xromosomalarning o’zaro bir xil joy (lokus) laridagi bo’lishi mumkin bo’lgan har xil holatlari. Allellar ma’lum bir belgining rivojlanishini nazorat qilib, uning alternativ (bir-birini inkor etuvchi) ifodalanishiga sabab bo’ladi. “Allellar” atamasini daniyalik olim V. Iogansen taklif etgan (1909). Aksariyat genlar faqat ikki: dominant va resessiv Allellarga ega. Diploid organizmlarning somatik hujayralarida har ikkala, gametalarda esa faqat bitta allel bo’ladi. Barcha holatlarda ham ma’lum genning dominant alleli ta’siri shu genning resessiv allelinikidan ustun keladi. Allellarning dominantlik xususiyati ularning o’zaro allellik ta’siriga, genotipik muhit va tashqi sharoitlarga bog’liq. Dominant va resessiv Allellar gomozigo-gpalik (SS yoki ss) yoki geterozigotalik (Ss) holatlarida ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari genning ko’p allellilik seriyalari ham uchraydi. Bunday holda ham dominant allel bosh harf bilan, allellarning barcha resessiv seriyalari esa turli nishonlar qo’yilgan kichik harflar bilan belgilanadi.