ALLELLAR KO’PLIGI

ALLELLAR KO’PLIGI (nem Allele multiple) — bir xromosoma lokusidagi bitta gendan mutasiya natijasida vujudga kelgan allellar guruhi. Allellar ko’pligi organizmning muayyan xususiyatlarini belgilab beradi. Allellar ko’pligini ifodalovchi belgilar quyidagilardan iborat: 1) doimo muayyan genlar bilan bog’langan bo’lishi, ya’ni ular bilan genlar o’rtasidagi krossingoverning har doim bir xilda turishi takrorlanadi; 2) ikkita allel birga zigotada duch kelganida ham ular bilan bog’liq bo’lgan irsiy effekt kuchaymasligi, ya’ni allel ta’sirining o’rtacha bo’lishi; 3) birinchi bo’g’in gametalarida ularning ajralib ketishi, ya’ni bir genning ikki allelini egallagan geterozigotadan allellarning bo’linayotgan gametalarga borishi. Mutasiya natijasida o’zgargan genlarning ma’lum bir allellar guruhiga mansubligi quyidagi hollarda ma’lum bo’ladi: a) o’zgargan genlardan kelib chiqqan fenotiplar o’xshash bo’lganida; b) o’zgargan genning bir juft allelini egallagan geterozigota fenotipi ikki alleldan biriga o’xshaganda yoki o’rtacha bo’lganda; v) struktura jihatidan mustahkam tuzilish bilan bog’liq bo’lmagan allellar turli gametalar bo’yicha bo’linib turganda. Genotipik muhit Allellar ko’pligi faoliyatiga kuchli ta’sir qiladi. Bu ta’sir ba’zi bir allellar faoliyatiga xos bo’lishi ham mumkin. Allellar ko’pligi guruhida dominantlik darajasi mutasiyaning chekka resessiv tipidan boshlab ortib boradi; boshqa guruhlarda dominantlik turlicha ro’y beradi. Shu sababdan har bir gomozigotali va geterozigotali genotip boshqa fenotipni belgilashi ham mumkin.