ALLERGEN

ALLERGEN — allergik reaktsiyalarni keltirib chiqaruvchi modda. Allergenlar quyidagi guruhlarga bo’linadi: noinfektsion Allergenlar — maishiy, epidermal Allergenlar, o’simlik gullarining changlari, oziq-ovqat, dori-darmonlar, turli xil kimyoviy moddalar. Infektsion Allergenlar — bakteriyalar, zamburug’lar, viruslar va boshqalar. Maishiy Allergenlar — uy changi, par yostiq patlari, dafniya, kutubxona changlari. Epidermal Allergenlar — yovvoyi va uy hayvonlari (it, mushuk, ot, qo’y va boshqalar) juni, qazg’og’i. Dori Allergenlari: 0,9% li fiziologik eritma va glyukozadan tashqari deyarli hamma dorilar. O’simlik gullarining changi 35 mkm dan kichik bo’lsa va o’zida allergenlik xususiyatini namoyon etsa, shamolda uzoq masofaga ucha oladigan bo’lsa, allergik kasallik paydo qilishi mumkin. Bunday o’simliklarga ermon, burgon, makka, yalpiz va boshqalar kiradi. Oziq-ovqat Allergenlari: har xil oziq-ovqat mahsulotlari (sut, tuxum, asal, baliq, yong’oq, mosh, no’xat, tsitrus mevalar, shokolad va boshqalar). Kimyoviy Allergenlar — turli xil poroshoklar, pastalar, ursol (soch bo’yog’i tarkibidagi modda), benzin, benzol va boshqalar.