ALMASHLAB EKISH

ALMASHLAB EKISH – qishlo xo’jalik ekinlarini dalalar va yillar bo’yicha ilmiy asoslangan navbatlab ekish. Tuproq unumdorligini ta’minlash va ekinlarning hosildorligini oshirishning samarali tadbiri hisoblanadi. Almashlab ekish — dehqonchilik tizimining eng muhim qismidir. Ekinlarni tartibi bilan belgilangan sxemada har bir dalaga ekish uchun ketgan vaqt Almashlab ekish rotatsiyasi deyiladi; Almashlab ekishga kiritilgan ekinlarning guruhi ro’yxati va ularni navbatlash tartibi yoki almashlab ekiladigan ekinlar bilan band bo’ladigan dalalarning bir-biriga nisbati Almashlab ekish sxemasi deyiladi. Almashlab ekish joriy etilmay, bir yerning o’ziga bir xil ekinlar surunkasiga yoqilgan (yakka ziroatchilik) da tuproqning fizik xususiyatlari yomonlashadi, ekinlar hosildorligi pasayadi, har xil kasallik va zararkunandalar, shu sharoitga moslashgan begona o’tlar ko’payadi (masalan, poliz ekinlarida shumg’iya, g’o’zada vilt, boshoqli g’alla ekinlarida qorakuya va boshqalar). Ekinlar kasalliklari, zararkunandalariga qarshi kurashda, dalalarni begona o’t bosib ketishini bartaraf etishda Almashlab ekish sinalgan agrotexnik chora hisoblanadi. Almashlab ekishni tasniflash ikki belgiga asoslanadi. Bularning biri — Almashlab ekishda yetishtiriladigan qishloq xo’jaligi mahsuloti (paxta, don, ozuqa, sabzavot va boshqalar) ning asosiy turi. Ikkinchisi — biologik xususiyati, yetishtirish texnologiyasi va tuproq unumdorligiga ko’rsatadigan ta’siri jihatidan bir-biridan farq qiladigan ekinlar guruhlari nisbati (dukkakli don, donli va texnika ekinlari, sabzavot-poliz ekinlari, ko’p yillik o’tlar). Birinchi belgisi jihatidan Almashlab ekish dalali, yem-xashak va maxsus Almashlab ekish bo’linadi. Dalali Almashlab ekishda ekin maydonining yarmidan ko’prog’i asosiy (g’o’za, don ekinlari, kartoshka va boshqalar) ekinlar yetishtirishga ajratiladi. Yem-xashak Almashlab ekishda ham ekin maydonining yarmidan ko’prog’ini yem-xashak ekinlari egallaydi. Maxsus Almashlab ekishda maxsus agrotexnika, alohida sug’orish usullari va boshqalarni talab qiladigan ekinlar yetishtiriladi. Ularga sabzavotlar, poliz ekinlari, tamaki, sholi va boshqalar kiradi. Ikkinchi belgisi jihatidan Almashlab ekish ekinlar guruhi, asosiy tovar mahsuloti, dalalar soni, rotasiya muddati va boshqa belgilariga ko’ra tur (tip)larga bo’linadi. Almashlab ekishning g’o’za — g’alla — beda; don ekinlari — toza shudgor; don ekinlari — o’tlar — chopiqtalab ekinlar; don ekinlari — o’tlar; o’tlar — chopiq-talab ekinlar; chopiqtalab ekinlar — sideratli ekinlar; o’tlar — dalali va boshqa tur (tip)lari bor. Almashlab ekish turiga qarab ekin turlari bilan band dalalar soni nisbati raqamlar bilan ifodalanadi. Masalan, g’o’za-beda Almashlab ekish 3: 7 nisbatida birinchi raqam bedapoya dalalarini, ikkinchisi g’o’za dalalarini ko’rsatadi (beda ekin maydonining 30,0% ni tashkil etadi). O’zbekistonda xo’jalikning qaysi soha bo’yicha ixtisoslashgani va tuproq-iqlim sharoitiga kura Almashlab ekishning har xil sxemasi qo’llanilishi mumkin. O’zbekistonda 1930-90-yillarda jamoa va davlat xo’jaliklarida 3:7 sxemali donga ajratilgan bir dalali g’o’za — beda Almashlab ekish, 3:4:1:2 sxemali donga ajratilgan bir dalali g’o’za—beda Almashlab ekish va bo’laklangan 1:2:1:2:1:3 sxemali bedasiz turli ekinlar — chopiqtalab ekinlar Almashlab ekish qo’llanildi. Almashlab ekishning mazkur sxemalarida g’o’za salmog’i 60-70% ni tashkil etdi. 90-yillar boshidan O’zbekistonda don mustaqilligiga erishish uchun sug’oriladigan maydonning katta qismi g’alla ekinlari uchun (1997 yilda qariyb 1 millionga) ajratildi. Natijada g’o’za yakkaziroatchiligiga barham berilib, ayrim xo’jaliklarda g’o’za-g’alla nisbati deyarli teng bo’lib qoldi. Paxtachilik Almashlab ekishda boshoqli don ekinlarini joylashtirish bo’yicha tavsiyalarga binoan 1:2:7 sxemasiga ko’ra ekinlar quyidagicha: 1 (g’alla): 2 (beda): 7 (g’o’za) — g’o’za 70% yoki 1:2:3:1:2 sxemasida esa ekinlar 1 (g’alla) : 2 (g’o’za) : 3 (beda) : 1 (g’alla) : 2 (g’o’za) — g’o’za 40% joylashtirilib, Almashlab ekish dalasida g’o’za salmog’ini 10-20% kamaytirishga erishildi. Tuproq unumdorligi past, meliorativ holati yomon yerlarga 1:3:5 sxemalari — 1 metr (meliorativ) : 3 (beda) : 5 (g’o’za) yoki 1 metr (meliorativ): 3 (beda) : 4 (g’o’za) : 1 (g’alla) – g’o’za 44,4 – 55,5% bo’lgan namunaviy tavsiyalar berildi. Sholikor xo’jaliklarda Almashlab ekishning uch, yetti, to’qqiz va o’n dalali sxemalari qo’llaniladi. To’qqiz dalali sxemada 1-, 2-, 3 dalalarga sholi, 4 dalaga yozning ikkinchi yarmida siderat yoki don uchun mosh, soya, o’ris no’xat (yozning birinchi yarmida dala meliorativ holati yaxshilanadi), 5-, 6-, 7-dalalarga sholi, 8 dalaga beda bilan don uchun bahorgi arpa, 9-dalaga ikki yillik beda ekiladi. Bu sxemalarda sholi 66,6—70% ni tashkil etadi. Sabzavotchilikda sabzavot ekinlari Almashlab ekishning asosiy bo’g’ini ko’p yillik va bir yillik o’tlardir. Ekishda beda va boshqa dukkakli ekinlardan keyin poliz ekinlari, karam, piyoz, pomidor ekiladi. Kartoshka, poliz ekinlari, bodring va ildiz mevali ekinlardan keyin eqilgan karam ham mo’l hosil beradi. Begona o’tlardan ko’proq zararlanadigan piyoz, ildiz mevali sabzavot ekinlari (sabzi, lavlagi, sholg’om, turp), kartoshka, bodring karamdan keyin yoqilganda yaxshi samara beradi. Sabzavot ekinlarini, odatda, ilgari ular etishtirilgan dalaga 3-4 yil oralatib yoqilgani ma’qul. O’zbekistonning iqlim sharoitida bir dalaga takroriy ekin ekib, yil davomida ikki marta hosil olish mumkin. Masalan, sabzavot ekinlarining 8 dalali almashlab ekish sxemasida (3:4:1) 1-dalaga beda (birinchi yili beda makkajo’xori yoki arpa bilan birga ekiladi), 2-dalaga beda (ikki yillik beda), 3-dalaga beda (uch yillik beda), 4-dalaga o’rtagi sabzavot (pomidor, bodring), 5-dalaga kechki sabzavot (kechki sabzavotdan oldin ertagi kartoshka ekiladi), 6-dalaga kechki kartoshka (kechki kartoshkadan oldin ertagi sabzavot ekinlaridan karam ekiladi), 7-dalaga sabzavot (piyoz), 8-dalaga kechki sabzavot (kechki sabzavotdan oldin ertagi kartoshka) ekiladi. Almashlab ekish tizimi qishloq xo’jalik fanlarining yangi yutuqlari va to’plangan tajribaga muvofiq takomillashtirib boriladi. Ad.: Tursunxo’jaev 3. S, Sorokin M., G’o’za — beda almashlab ekish va ularning samaradorligini oshirish yo’llari, T., 1978; Grechixin V. N. i dr., Sevooboroti v xlopkovodstve: opit i problemi, T., 1982; Tursunxodjaev 3. S, Bolkunov A., Nauchnie Osnovi xlopkovix sevooborotov, T., 1987. Abdurahim Ermatov.