ALP BURMALANISHI

ALP BURMALANISHI – asosan kaynozoydagi tektogenez erasi; geosinklinal oblastlarda vujudga kelib, mezozoy va paleogenda rivojlangan. Alp burmalanish natijasida geosiiklinallar burmali tog’larga aylangan. O’sha vaqtda Alp burmali tog’lari (Alp burmalanish nomi shundan) va Alp geosinklinal (burmali) oblast va boshqa tuzilishlar shakllandi. Alp burmalanish O’rta dengiz va tinch okean mintaqalariga ajratilgan. O’rta dengiz mintaqasiga Apennin, Alp, Karpat, Qrim tog’lari, katta Kavkaz, Pomir, Himolay va boshqalar kiradi; Tinch okean mintaqasiga Kordilera, And, Kamchatka, Kuril, Yaponiya, Filippin orollaridagi tog’lar va boshqalar kiradi. Alp burmalanishdagi tog’lar yosh, ular kam emirilgan, shuning uchun ham yer yuzasidagi eng baland tog’lar hisoblanadi. Alp burmalanish shuningdek tokembriy, paleozoy va mezozoyda ko’tarilgan tog’larga ham ta’sir qilgan. Bu mintaqalarda vulkanizm va seysmik harakatlar kuchliligidan Alp burmalanishning ayrim tuzilishlari hali ham rivojlanishda.