ALP MINTAQASI

ALP MINTAQASI – tog’lardagi tabiiy balandlik mintaqasi, asosan mo’tadil va subtropik kengliklarda, aksari tog’-o’tloq landshaft tipidan iborat. Subalp mintaqasidan yuqorida joylashgan tog’larning balandroq qismida Alp mintaqasi nival mintaqasi bilan almashinadi. Alp mintaqasining balandlik holati geografik kenglik, namlik darajasi va yon bag’irlarining ekspozitsiyasi bilan bog’liq. Alp tog’lari va G’arbiy Kavkazda Alp mintaqasi 2000 metrdan 3000 metrgacha, Himolay tog’larining Janubiy yon bag’irlarida 3600 metrdan 5000 metrgacha oralikdagi balandliklarni egallagan. Mo’tadil va subtropik kengliklardagi tog’larning seryog’in yon bag’irlarida aniq namoyon bo’lgan; yuqoriroq kengliklarda tog’-tundra mintaqasi, quyiroq kengliklarda esa baland tog’-dasht va cho’l mintaqasi; ekvatorial kengliklarda o’tloqlar (paramos) mintaqasi bilan almashinadi. Relyefning tog’-muzlik shakllari keng tarqalgan. Iqlimi sovuq, qor qoplami qalin (6-10 oy saqlanadi), vegetatsiya davri qisqa, qattiq shamollar bo’lib turadi, yanvarning o’rtacha temperaturasi — 15°, iyulniki 14° chamasida, yillik yog’in miqdori 1000 millimetr va undan ko’p; tez-tez qor ko’chkilari bo’lib turadi. Alp o’simliklari (butazor va o’tloqlar) keng tarqalgan. Xo’jalikda asosan yozda yaylovlar sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi quyi mintaqalarga tez ko’chib o’ta oladigan turlar (alqor, Serpa, yovvoyi echki va boshqalar) yoki qishki uyquga ketadigan kemiruvchilardan iborat.