ALPINIZM
ALPINIZM (Alp tog’i nomidan) — sport turi, turli murakkab to’siqlardan o’tib tog’ cho’qqilariga ko’tarilish. Alpinizm uch sinfdan — traverslar (dovon oshish, tog’tizmalari va etaklaridan o’tish), murakkab chiqish (tik tog’larga chiqish) va baland tog’larga ko’tarilishdan iborat. Alpinizm sport turi bo’libgina qolmay, kam o’rganilgan tog’larni ilmiy tadqiq etishga ham xizmat qiladi. Alpinizm tarixi 1786 yildan boshlanadi: o’shanda shveytsariyalik J. Balma va M. Pakkar Alp tog’ining Monblan cho’qqisiga ko’tarilgan edilar. Alpinizm Markaziy Yevropadan boshqa o’lkalarga, shu jumladan Rossiya va Osiyoga tarqaldi. Alpinistlar birin-ketin Kavkaz, Tyaninan, Pomir, Oltoy tog’larini zabt etdilar. 19-asrning oxirida Turkiston harbiy topograflari Chimyon tog’iga — 3309 metr balandlikka ko’tarildilar. 20 yillarda O’rta Osiyo davlat universitetida, Toshkent telegrafi, aloqa texnikumi va boshqa joylarda Alpinizm sektsiyalari tashkil qilindi. 1938 yil O’zbekistonda alpiniada o’tkazildi, uning 60 qatnashchisi Pskom tog’ining 8 ta cho’qqisini zabt etdi. 1970-80 yillarda O’zbekistonda 1500 ga yaqin kishi Alpinizm bilan shug’ullandi. Alpinizm ning ommalashuvi va sportchilarning shuhrat qozonishida V. Abalakov, V. Ratsek, V. Elchibekovlarning xizmati katta. Keyingi paytda Toshkent shahri, Toshkent, Farg’ona, Namangan, Samarqand, Navoiy viloyatlarida Alpinizmga e’tibor kuchaydi. Birgina Chimyonda o’tkazilgan alpiniadada 1000 dan ortiq sportchi qatnashdi. Dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) cho’qqisi (Himolay tog’ida balandligi 8848 metr) ni zabt etish alpinistlarning ezgu orzusi hisoblanadi. Yangi zelandiyalik Edmund Xillari va Sherp Norgey Tentsing 1953 yil unga birinchi marta ko’tarilganlar. O’zbekistonda Everestni zabt etuvchi alpinistlar guruhi tuzildi. Bu guruh 1998 yil mayda cho’qqiga chiqdi. 22 may kuni Rustam Rajabov birinchi bo’lib Everestni zabt etdi va u yerga O’zbekiston davlat bayrog’ini qadadi. Uning ketidan Oleg Grigorev, Sergey Sokolov, Xanif Balmagambetov, Svetlana Baskakova, Ilyos Tuxvatullin, Andrey Fyodorov, Marat Usaev, Roman mas, Andrey Zaikin, Aleksey Dokukin cho’qqiga ko’tarildilar (ekspeditsiya rahbari Anatoliy Shabanov). 1977 yil alpinistlarimiz Markaziy Tyanshanning «Xontangri» (7010 metr) va «G’alaba» (7439 metr) cho’qqisini zabt etgandilar.