ALTAMIRA
ALTAMIRA — Ispaniyaning Santander viloyatidagi qoyatosh rasmlari saqlangan g’or. 1875 yildan ispan arxeologi Marselino Sautuola topib o’rgangan. G’orda rang-barang bo’yoqpar bilan ishlangan hayvonlar (yovvoyi ot, to’ng’iz, bug’u va tog’ echkilari) ning tasvirlari topilgan. Suratlarning uzunligi 2,2 metrgacha yetadi. Rasmlar yaxshi saqlangan, o’ta kuzatuvchanlik, hayvonlarning anatomik tuzilishi va holatining aniq berilishi, shakllarni yasashda chiziq va bo’yoq dog’larini erkin qo’llanilishi bilan diqqatni jalb etadi. Altamira tasvirlarining topilishi paleolit davri g’or va qoyatosh rasmlarini o’rganishga turtki bo’ldi. G’ordagi tasviriy san’at obidasi Madlen davriga oid. Altamira g’oridagi madaniy qatlamlardan yuqori paleolitning salyutre va Madlen davrlariga mansub tosh qurollar va turli hayvonlarning suyak qoldiqlari topilgan.