AMALIY GEOGRAFIYA

AMALIY GEOGRAFIYA – hozirgi zamon geografik tadqiqot yo’nalishlaridan biri. Amaliy geografiya hududlar tabiiy sharoitlarini har xil amaliy maqsadlarda — yerdan qishloq xo’jaligida foydalanish, yo’l, shahar va sanoat inshootlari qurish odamlarning turmush sharoitlari va sog’lig’iga mos kelish-kelmasligi nuqtai nazaridan o’rganadi. Amaliy geografiya tadqiqotlari uch asosiy yo’nalishda: agrogeografik, muhandislik-geografik va tibbiy-geografik yo’nalishlarda olib boriladi. Agrogeografik tadqiqotlar yerlarni sug’orish yoki quritish, yaylov chorvachiligi, bahorikor dehqonchilik, tuproqni zararli tabiiy jarayonlar ta’siridan, suv va shamol eroziyasidan saqlash kabi masalalarni o’rganadi. Tuproqlari, relyefi, iqlimi, o’simliklari va yog’in miqdori kabi xususiyatlariga ko’ra muhim bo’lgan joylar maxsus xaritalarda alohida ajratib ko’rsatiladi. Agrogeografik tadqiqotlar O’zbekistonda — Makroiqtisodiyot va ijtimoiy tadqiqotlar instituti, Seysmologiya instituti tarkibidagi Geografiya ilmiy tadqiqot bo’limi, xususan, Toshkent, Samarqand, Farg’ona universitetlarining geografiya fakultetlarida olib boriladi. Muhandislik-geografik tadqiqotlar hududlarning tabiiy sharoitlariga har xil muhandislik inshootlarini joylashtirish imkonini o’rganadi. O’zbekistonda yo’l, kanal, shaharlar, sanoat binolarini qurishda, yerning qiyaligi va relefning notekisligi, lyoss gruntlarning cho’kish ehtimoli, qum ko’chishlari va tez-tez bo’lib turadigan kuchli shamollar hisobga olinadi. Bunda geograf tabiat hodisalari orasidagi bog’lanishlar va qonuniyatlarni aniqlaydi. Chunonchi, O’zbekistonning Janubidagi qurg’oqchil hududlarida lyoss ko’p qavatli uylar, zavod va boshqalar. Inshootlar uchun mustahkam zamin bo’la oladi. Lekin respublikaning sernam tog’oldi rayonlarida lyoss mustahkam emas, tez cho’kadi, natijada inshootlar deformasiyaga uchraydi. Qizilqumda yo’l qurish loyihalari tuzishda shamollar rejimini, qum harakatining tezligini va qum relefi shakllarini, qum ko’chishiga yo’l bermaydigan o’simlik turlarini bilish shart. Agar qurilish oldidan mutaxassis bunday ma’lumotlarga ega bo’lmasa, u holda yo’l qum keltiruvchi shamollar zonasiga tushib, tez-tez qum bosib qolishi mumkin. Tibbiy-geografik tadqiqotlar, ayniqsa, yangidan o’zlashtirilayotgan yerlarning tibbiy-geografik bashorat xaritasini tuzish muammolari bilan shug’ullanadi. Geografik tadqiqotning bu sohasi mahalliy geografik sharoit bilan bog’liq vabo, tulyaremiya, entsefalit, buqoq kasalliklarining tarqalish qonuniyatlarini o’rganishda muvaffaqiyatlarga erishdi. Potihkamol G’ulomov.